MB: yil yakuni bo‘yicha iqtisodiyotning o‘sish sur'ati 5,0–5,2 foiz oralig‘ida bo‘ladi

Iqtisodiyot 15:54 / 22.09.2018 4729

2018 yil uchun inflyatsiyaning dastlabki prognoz ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilib, yillik inflyatsiya prognozi 16-17 foizgacha oshirildi, deb xabar bermoqda Markaziy bank.

Markaziy bankning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yil yakuni bo‘yicha iqtisodiyotning o‘sish sur'ati 5,0–5,2 foiz oralig‘ida bo‘ladi. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari bo‘yicha belgilangan tarkibiy islohotlar va davlat korxonalarining bosqichma-bosqich barqaror daromadlilik ko‘rsatkichlariga chiqishi 2019 va undan keyingi yillarda YaIM real o‘sishi sur'atlarining oshishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar, shu jumladan, hukumatning investitsion xarakterdagi xarajatlarining yuqori o‘sish sur'atlari hamda iste'mol talabining oshishi tashqi omillarning iqtisodiy o‘sishga salbiy ta'sirini yumshatish imkonini beradi.

Xususan, qurilish ishlari, ayniqsa uy-joy qurilishi hajmlarining ortishi va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha loyihalarning amalga oshirilishi ushbu tarmoqlar va ularga tutash sohalarda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, asosiy savdo hamkor mamlakatlardagi iqtisodiy va moliyaviy barqarorlik o‘rta muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyotimiz rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi.

2018 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobvarag‘i qoldig‘i -1,1 mlrd. AQSh dollarni tashkil etdi. Bu asosan uskunalar, texnologik liniyalar, xomashyo va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan boshqa tovarlar importining yuqori sur'atlarda o‘sishi bilan izohlanadi.

Mazkur investitsion talab asosan xorijiy kredit liniyalari va banklarning xorijiy valyutadagi kreditlari hisobiga qoplanmoqda.

Markaziy bankning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rta muddatli istiqbolda to‘lov balansidagi tarkibiy o‘zgarishlar, yuqori sur'atlarda o‘sayotgan investitsiyalarni moliyalashtirishda tashqi resurslar ulushining oshib borishi bilan birga iqtisodiyotning yangi sharoitlarga moslashuvini o‘zida ifoda etadi.

2018 yilning II choragida valyuta tushumlarining ortishi monetar oltinni sotib olish natijasida vujudga kelgan qo‘shimcha likvidlikni o‘z vaqtida sterilizatsiya qilish borasidagi Markaziy bank imkoniyatlarini qisman chekladi.

Shu bilan bir qatorda, 2018 yilning avgust va sentabr oylarida byudjyet va byudjyetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘larining ishlatilishini ma'lum darajada ko‘payishi kuzatilmoqda. Bu ham, o‘z navbatida bank tizimidagi likvidlikning qo‘shimcha oshishiga olib kelmoqda.

Natijada, banklar likvidliligini ma'lum darajada oshishi kuzatilib, ushbu holat banklararo pul bozoridagi (iyundagi 13,1 foiz va iyuldagi 12,8 foizdan avgustdagi 10,6 foizgacha) va depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining pasayishida o‘z aksini topdi.

Qayta moliyalash stavkasining oshirilishi majburiy rezervlarni shakllantirish mexanizmini o‘zgarishi bilan bir qatorda, depozitlar bo‘yicha ijobiy real foiz stavkalarini ta'minlash orqali so‘mdagi jamg‘armalarning jozibadorligini hamda iste'mol hajmining muvozanatli o‘sishini qo‘llab quvvatlaydi va shu orqali bank tizimidan pul resurslari chiqib ketish xatarini pasaytiradi.

Banklarda jalb qilingan depozitlar hajmining o‘sishi (foiz to‘lovlarini oshishi natijasida), o‘z navbatida, uzoq muddatli resurs bazasining kengayishiga zamin yaratadi va mos ravishda iqtisodiyotni barqaror investitsion resurslar bilan ta'minlashga xizmat qiladi.

Bank tizimida likvidlikning nisbiy profitsiti mavjud sharoitda, qayta moliyalash stavkasi oshirilishi jami kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalariga aytarli ta'sir ko‘rsatmaydi.

Bunda, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha bozor foiz stavkalarining nisbatan yuqoriligi kreditlarga bo‘lgan talabning bir qismini xorijiy valyutadagi kreditlar hisobiga qondirilishiga olib kelib, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif darajasiga bilvosita ta'sir ko‘rsatadi.

Markaziy bank tomonidan ushbu qabul qilingan qarorlar ta'sirchanligini oshirish maqsadida qo‘shimcha sterilizatsiya instrumentlarini faollashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi hamda davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarish bo‘yicha Moliya vazirligi bilan hamkorlik davom ettiriladi.

Qayta moliyalash stavkasining oshirilishi birinchi navbatda, inflyatsion kutilmalar va tashqi inflyatsion omillarning kuchayishi bilan bog‘liq xatarlarni minimallashtirishga qaratilgan.

Ajratilayotgan kredit qo‘yilmalarining qariyb yarmi davlat dasturlari doirasidagi kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelishi, shuningdek, 2018 yilning 1 oktabridan boshlab joriy etiladigan majburiy rezervlar bo‘yicha yangi normativlar depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari oshganda ham kreditlar bo‘yicha stavkalarni oshirish zaruratini kamaytirib banklarga foiz yuklamasini pasaytirish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida, mazkur qaror iqtisodiy o‘sish sur'atlariga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligidan dalolat beradi.

Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishda inflyatsion xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi hamda kelib tushayotgan ma'lumotlar tahliliga asoslangan bosqichma-bosqichli yondashuvdan foydalanadi. Markaziy bank tomonidan ichki narxlar o‘sishiga monetar omillar ta'sirini pasaytirish maqsadida pul-kredit siyosatining barcha instrumentlari keng qo‘llaniladi.

Ko‘proq yangiliklar: