Markaziy bank Boshqaruvi qayta moliyalash stavkasini 2018 yilning 25 sentabridan 2 foiz bandga oshirib, yillik 16 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Mazkur qaror so‘nggi oylarda yuzaga kelgan tashqi iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda qabul qilinib, inflyatsion kutilmalarning oshishi, ma'muriy tartibga solinadigan narxlarning o‘sishi va valyuta almashuv kursi o‘zgarishining ichki narxlarga ta'siri kuchayayotgan sharoitlarda inflyatsion bosimni pasaytirishga yo‘naltirilgan.
Yillik inflyatsiya sur'atlarining sekinlashib borishiga qaramasdan, inflyatsion xatarlarning kuchayishi hisobiga kelgusida ushbu dinamikaning o‘sish tomonga o‘zgarishi ehtimoli keskin oshdi. Pul-kredit siyosatining qat'iylashtirilishi mazkur xatarlarni hamda inflyatsion kutilmalarni pasayishiga xizmat qiladi.
Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. Yillik inflyatsiya darajasi 2018 yilning avgust oyida ham dastlabki prognoz ko‘rsatkichlari doirasida pasayishda davom etib, 15,7 foizni tashkil etdi. Mazkur dinamika meva-sabzavotlar narxlarining mavsumiy arzonlashishi hamda 2017 yildagi pul massasi oshishi va milliy valyuta devalvatsiyasining inflyatsiya darajasiga ta'sirini kamayib borishi bilan izohlanadi.
Markaziy bank tomonidan 2018 yilning boshida iqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysiga muvofiq yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasini 11,5-13,5 foiz oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilinib, ushbu prognoz quyidagilarga asoslangan edi:
• asosiy savdo hamkor davlatlarda makroiqtisodiy barqarorlikning yanada mustahkamlanishi bilan mamlakatimiz uchun qulay tashqi iqtisodiy sharoitlarning saqlanib qolinishi;
• ma'muriy tartibga solinadigan narx va tariflarning bir maromda oshirilishi;
• umumlashtirilgan davlat byudjyetining muvozanatli ijrosi ta'minlanishi;
• iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining mo‘tadil sur'atlarda o‘sishi.
Ammo, bugungi kunda yuzaga kelgan holat monetar siyosatning 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari va keyingi pul-kredit siyosati sharhlarida qayd etilgan inflyatsion xatarlarning kuchayayotganligini ko‘rsatmoqda.