Suveren reyting orqali xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning kuchli va zaif tomonlarini jahon andozalariga mos ravishda tahlil etib, O‘zbekistonning to‘lov qobiliyati uchun baho berishadi. Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri maslahatchisi Odilbek Isoqov Kun.uz'ga O‘zbekiston xalqaro kredit reytingiga nima uchun ildam intilayotgani va bu muhim zaruriyatga aylanib borayotgani haqidagi fikrlarini bildirgandi.
Shaksiz, berilgan baho, investorlarning o‘z tahlil jarayonlarini ancha yengillashtiradi va kerakli qaror qabul qilishda muhim rol o‘ynaydi. Masalan, O‘zbekistonda tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish uchun sarmoya kiritish istagida bo‘lgan investor makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni, moliya tizimining barqarorligi, soliq tizimining shaffofligi, ichki bozorning hajmini va o‘sish imkoniyatlarini, milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi, boshqa valyutalarga nisbatan qiymati va uning dinamikasini hamda boshqa omillarni o‘rganadi. Mustaqil reyting agentliklarining hisobotlari mana shu savollarning aksariyatiga javob beradi.
«Bu xalqaro mezon O‘zbekiston hukumatiga mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning samarasini ham bildiradi. Ayniqsa, xalqimizning turmush darajasi yaxshilanishi va jahon hamjamiyatida munosib o‘rnimiz bo‘lishi uchun qaysi sohalarda yanada chuqurroq islohotlar olib borish kerakligini bilishimiz lozim. Xalqaro reyting agentliklari doimiy ravishda muhim omillarni kuzatib borishlarini va shaffof ravishda ochiq manbalarda o‘z hisobotlarini e'lon qilishlarini inobatga olishimiz darkor. Shu tufayli, O‘zbekiston Respublikasi uchun taqdim etilajak ilk suveren reyting kelajakda o‘zgarishi tabiiy. Xalqaro suveren reytingni ijobiy tarafga o‘sishini ta'minlash – bizdan Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan islohotlarni izchil amalga oshirishni talab etadi. Shu munosabat bilan, har bir soha vazirliklari, davlat qo‘mitalari va tashkilotlari o‘z vazifalarini mukammal ravishda bajarib, islohotlar samaradorligini ta'minlash uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratib berishlari talab etiladi», deydi Odilbek Isoqov.
Masalan, reyting agentliklari makroiqtisodiy barqarorlikka va fiskal sog‘lomlikka urg‘u berishadi. Demak mamlakatda nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki inflyatsiyani jilovlashga alohida e'tibor lozim. Davlat qarzini mo‘'tadil tarzda ushlab turish ham O‘zbekistonning bo‘lajak suveren reytingi uchun muhimdir. Davlat korxonalarining sog‘lomligi, yuqori rentabellik bilan faoliyat yuritishlari va haqiqiy ma'noda jahon andozalariga mos korporativ boshqaruv bilan ishlashi ham suveren reytingda o‘zining ijobiy ta'sirini namoyon qiladi.
«Agar ma'lum bir sohada islohotlar paysalga solinsa, yoki to‘liq joriy qilinmasa, suveren reytingimiz jabr ko‘radi. Xalqimiz tili bilan aytganda, mahallada bir uyning ko‘chasi supurilmasa, butun mahallaning obodligiga ta'sir qilgandek, mamlakatimiz miqyosida bir sohaning oqsashi butun boshli O‘zbekiston Respublikasining reytingiga ta'sir qiladi», deya ta'kidlaydi vazir maslahatchisi.
Rivojlanayotgan mamlakatlar, jumladan bir necha post-sovet mamlakatlari ham ancha vaqtdan beri o‘z xalqaro suveren reytinglariga ega. Turfa-xil reytinglar har-bir mamlakatning kuchli va zaif tomonlarini inobatga olgan holda «o‘ta quyi sifat» yoki «o‘ta yuqori xatarlar»dan (Ukraina, Misr, Tojikiston misollarida), «yuqori o‘rta sifat»gacha (Polsha, Malayziya) belgilangan.
Oxirgi 5 yil davomida suveren reytinglar bir qancha o‘zgarishlarga yuz tutgan. Jadvaldagi 16ta mamlakat suveren reytingidan 5tasi yuqorilagan, 2tasi o‘zgarishsiz qolgan va 9tasi esa pastlagan. Garchi oxirgi 5 yil turli geosiyosiy o‘zgarishlar va xomashyo narxlarining jahon bozoridagi keskin tebranishlariga boy bo‘lgan bo‘lsada, turli xomashyo eksportchilari, jumladan Meksika va Indoneziya kabi mamlakatlar o‘z reytinglarining yuqorilanishiga erishgan, yana bir neft eksportchisi Malayziya o‘z reytingini saqlab qolgan.
Sobiq Sovet Ittifoqidagi xomashyo eksportchilari, jumladan Qozog‘iston va Ozarboyjon reytinglari 5 yil davomida neft narxining arzonlashgani va islohotlarning sustlashgani tufayli pastlagan bo‘lsa, Rossiya reytingining pastlashiga AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ham sabab bo‘ldi.
Qayd etilgan 5 yil mobaynida reytingi eng pastlagan mamlakatlar qatorida Braziliya yetakchilik qiladi. Moody’s/S&P/Fitch bo‘yicha Baa2/BBB/BBB reytinglarga ega bo‘lgan va yuqori sur'atlarda o‘sayotgan mamlakatning reytingi hozirga kelib 3-4 darajaga pastlagan, ya'ni hozirda Ba2/BB-/BB reytinglarga ega. Braziliya dunyodagi eng yirik mamlakatlar sarasiga kiradi. Mamlakat aholisi 210 million bo‘lib, bu borada dunyoda 6-o‘rinda turadi. 2014 yilning boshigacha rivojlanayotgan mamlakatlar ichida eng muvaffaqiyatli bo‘lgan Braziliya 2,3 trillion AQSh dollarilik yalpi ichki mahsulot bilan dunyoda iqtisodiy hajmi bo‘yicha 6-o‘rinda, Buyuk Britaniya va Italiya kabi mamlakatlar qatorida turgan edi.
Lekin, 2014 yilning boshida siyosiy bo‘hronlar va noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat «yugurib» ildamlayotgan mamlakatni «tiz cho‘ktirdi». Oqibatda, reyting agentliklari ketma-ket Braziliyaning xalqaro reytingini pasaytirishni boshladi. 2014-2018 yillarda Braziliya reytingining pasayishining asosiy sabablari:
«Petrobas» inqirozi;
− Davlat tashkiloti hisoblangan «Petrobas» neft-gaz shirkatida korrupsiya bilan bog‘liq tekshiruvlar va shirkatning faoliyatidagi muammolar shirkatining kredit qobiliyatiga o‘ta salbiy ta'sir etib, ma'lum muddat kredit va moliya bozorlarini mazkur shirkat uchun yopdi.
Siyosiy bo‘hron;
− «Petrobas» shirkati rahbariyati va mamlakat rahbariyati o‘rtasidagi bog‘liqlik tufayli siyosiy norozilik mamlakat bo‘ylab yoyiladi va siyosiy beqarorlik tus oldi.
Iqtisodiy o‘sish sur'atlarining keskin pasayishi;
− Biznes muhitini yaxshilash uchun islohotlarning sustligi tufayli va korrupsiyaning keng tarqalgani iqtisodiy o‘sish sur'atlarini pasaytirdi. Undan tashqari, eng yirik shirkat - «Petrobas» inqirozi mamlakatning turli sohalariga salbiy ta'sir etdi. Mamlakatda YaIM 2015-2016 yillarda 3,5 foizdan pasaydi, natijada 2 yilda Braziliya iqtisodiyoti qariyb 650 mlrd. AQSh dollariga kichiklashdi.
Fiskal vaziyatning ishdan chiqishi;
− Iqtisodiy tanazzul soliq va boshqa davlat daromadlarini kamaytirdi. Undan tashqari, Braziliya Moliya vazirligi tomonidan ayrim shirkatlarga berilgan yashirin soliq imtiyozlari ham tushumni bir qancha kamaytirdi. Yuqoridagilar bilan birga, byudjyet kamomadini yashirish maqsadida davlat tasarrufida bo‘lgan banklardan olingan kreditlar ham davlatning shaffof va ishonchli siyosat yuritishiga shubha paydo qildi.
Davlat qarz miqdorining tez o‘sishi va foiz to‘lovlarining keskin oshishi;
− Oqibatda davlat o‘z byudjyet kamomadini yopish maqsadida ko‘plab qarz oldi va natijada 2014-2017 yillarda YaIMga nisbatan davlat qarzi 51 foizdan 76 foizgacha oshib, yuqori qarzdor mamlakatlar qatoridan joy oldi.
Natijada, 2014-2015 yillarda, Braziliyaning to‘lov qobiliyati keskin tushib, uning 5 yillik qarzini sug‘urta qilish narxi o‘rtacha 2 foizdan 5 foizgacha oshdi, milliy valyutasi ham AQSh dollariga nisbatan qariyb 40 foizga qadrsizlandi. Shunday ekan, suveren reyting orqali xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning kuchli va zaif tomonlarini jahon andozalariga mos ravishda tahlil etishi nafaqat iqtisodiy rivojlanishga, balki ichki siyosatda tanlangan rivojlanish yo‘lidan og‘ishmay harakatlanishga rag‘bat beradi. Aytgancha, biz doim yaxshi amallardan o‘rnak olamiz, salbiy hodisalar esa ibrat bo‘ladi.