O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasi «O‘ztreyd» AJ va Sirdaryo hokimligi ko‘magida Singapurga qovunlar yetkazib berdi. Birinchi sinov partiyasi mamlakatdagi eng yirik chakana savdo tarmog‘i - Mustafa’ga yuborildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasidan xabar berishlaricha, yangi va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari (qovun, pomidor, gilos, dukkakli o‘simliklar va boshqalar), Singapur bozorida talabgir bo‘lgan boshqa mahsulotlar importini yo‘lga qo‘yish maqsadida Century Global Pte Ltd kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Xususan, kompaniya ko‘magida O‘zbekiston mahsulotini Fair Price chakana savdo supermarketlar tarmog‘i orqali ilgari surish rejalashtirilmoqda, u ham o‘zbek qovunlarining sinov partiyasini qabul qilib oldi.
Singapurdagi 200ta Fair Price chakana savdo do‘konlar tarmog‘i orqali har kuni 600 mingdan ziyod xaridorga xizmat ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, kompaniya yangi mahsulotlarni tarqatish va markazlashgan saqlash hamda distribyutorlik kompaniyasiga egalik qiladi.