O‘zbekiston uchun chin tarixiy qadam: Xalqaro kredit reyting va ilk suveren yevrobond

Iqtisodiyot 23:32 / 19.09.2018 57700

O‘zbekiston hukumati kelasi yildan dastlabki yevroobligatsiyalar chiqarishni ko‘zlamoqda va bu ayrim lavozimiy o‘zgarishlarda ham o‘z aksini topmoqda.  HSBC’da ishlagan Odilbek Isoqov Moliya vazirligi boshqarmasiga boshliq etib tayinlandi. Bu tayinlov haqida xabar tarqatgan Reuters'ga ko‘ra, HSBC investitsiya banki rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qog‘ozlar chiqarishni tashkil etish boshqarmasi direktori lavozimida ishlab kelgan Odilbek Isoqov endilikda Moliya vazirining maslahatchisi hisoblanadi. Moliya vazirligining davlat suveren, korporativ (bank) qarz majburiyatlari va davlat qarzi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Isoqov kredit reytingini olish va suveren yevroobligatsiyalar emissiyasi jarayonini nazorat qiladi.

Odilbek Isoqov O‘zbekiston xalqaro kredit reytingiga nima uchun ildam intilayotgani va bu muhim zaruriyatga aylanib borayotgani haqida o‘z fikrlarini Kun.uz'ga bildirdi.

Xalqaro kredit reyting nima? Reyting belgilashda asosan qanday omillar inobatga olinadi?

Xalqaro kredit reyting, sodda qilib aytganda, bu qarz oluvchining to‘lov qobiliyatini aniqlovchi xalqaro mezondir. Asosan Moody’s, Standard & Poors (S&P) va Fitch kompaniyalari tomonidan chuqur tahlil natijasida taqdim etiladigan xalqaro reytinglar jahon moliya bozorlarida keng tan olingan baho sanaladi. Har bir investor o‘z sarmoyasini ma'lum moliyaviy instrument yoki loyihaga tikishdan oldin, eng avvalo qarz oluvchining to‘lov qobiliyatini tekshiradi, keyin zarur qarorlarni qabul qiladi.

Xalqaro kredit reytinglarning yana bir muhim jihati – moliya bozorida qarz instrumentlari narxini belgilashdagi rolidir. Masalan, Moody’s/S&P/Fitch bo‘yicha Aaa/AAA/AAA  reytingga ega bo‘lgan Shvetsiya, Ba1/BBB-/BBB-reytingga ega bo‘lgan Rossiya Federatsiyasidan 5 yil uchun 1,5%  pastroq narxda qarz olish imkoniyatiga ega. 

Isoqovning ta'kidlashicha, davlat uchun suveren reyting belgilashda bir qancha omillarga e'tibor beriladi va shu omillarning o‘zgarishi reyting agentliklari tomonidan doimiy ravishda kuzatib boriladi. Ularning asosiylari quyida:

1. Makroiqtisodiy barqarorlik;

  • Iqtisodiy o‘sish dinamikasi – YaIM real o‘sish sur'atlari, o‘sishning o‘zgaruvchanligi;
  • Iqtisodiyot salmog‘i -YaIMning AQSh dollarida miqdori;
  • Milliy daromad – Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM;
  • Iqtisodiyotning moslashuvchanligi – Har xil tashqi va ichki iqtisodiy shoklarga chidamlilik;

2. Institutsional omillar;

  • Institutsional tizim va samaradorlik – Jahon Bankining Boshqaruv ko‘rsatkichlari, jumladan Davlat boshqaruvi samaradorligi (Governance Effectiveness), Qonun ustuvorligi (Rule of Law), Korrupsiyaga qarshi kurash (Control of Corruption), So‘z erkinligi va hisobdorlik (Voice and Accountability), Qonunlar sifati (Regulatory Quality), Siyosiy barqarorlik va zo‘ravonlikning yo‘qligi (Political Stability and Absence of Violence) bo‘yicha ko‘rsatkichlar;
  • Shaffoflik va davlat idoralarining javobgarligi;
  • Fuqarolik jamiyati va ijtimoiy integratsiya darajasi;
  • Statistik ma'lumotlarga ishonch va ma'lumotlar to‘plash jarayoni;
  • Biznes muhitining osonlik darajasi (Ease of Doing Business);

3. Fiskal sog‘lomlik;

  • Qarz yuki – Davlat qarzining YaIMga nisbati, davlat qarzining davlat daromadlariga nisbati;
  • Qarz to‘loviga qurbi yetish darajasi – Davlat qarzi foiz to‘lovlarining davlat daromadiga nisbati, Davlat qarzi foiz to‘lovlarining yalpi ichki mahsulotga nisbati;
  • Tashqi qarz – Tashqi qarzning barqarorligi, moliya manbalarining turfa-xilligi, bozor xatarlariga moslashuvchanlik darajasi;
  • Davlatning likvidlik bilan bog‘liq xatari – Asosiy ko‘rsatkichlar, davlat xarajatlarini bozorda moliyalashtirish imkoniyati;
  • Davlat korxonalarining va banklarining sog‘lomligi – mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarida tutgan o‘rinlari, moliyaviy holatlari, byudjyetga dividendlar miqdori yoki byudjyetdan subsidiya miqdori, korporativ boshqaruv, turfa xil moliyalash manbalaridan foydalanish imkoniyati;

4. Moliyaviy tizimning sog‘lomligi;

  • Moliyaviy tizimning sog‘lomligi - Bank tizimining barqarorligi va hajmi, banklarning moliyalashtirish manbalari, aholining banklarga ishonchi va pul jamg‘armalari;
  • Normativ va nazorat tizimining sifati – Markaziy bank faoliyatida iqtisodiy erkinlik taqdim etish va nazorat balansi;
  • Monetar siyosatning ishonchliligi va samaradorligi – Inflyatsiya darajasi va o‘zgaruvchanligi;
  • Moliyaviy tizimning shartli qarz majburiyatlari

5. Siyosiy omillar – Ichki siyosiy barqarorlik va geosiyosiy omillar;

  • Siyosiy barqarorlik – mamlakat ichidagi siyosiy kuchlar muvozanati, ichki g‘alayon yoki qo‘zg‘olon xatari, milliy yoki diniy nizolar xavfi, terror hujumlari xavfi;
  • Geosiyosiy omillar – qo‘shni mamlakatlar bilan mavjud nizolar, ularning sabablari va davomiyligi, yirik davlatlar bilan munosabatlar, xalqaro siyosiy tashkilotlardagi faoliyati.  

Reyting agentliklari yuqoridagi omillarni o‘ta sinchkovlik bilan o‘rganib, har bir xatarni stress testlaridan o‘tkazishadi. Boshqa teng reytingdagi mamlakatlar bilan qiyoslab, har bir mamlakatning kuchli va zaif taraflarini tahlil etishadi. Va oqibatda ular mamlakat uchun o‘zlarining reytinglarini taqdim etishadi.

Eng ahamiyatli jihati – reyting bu bir martalik baho emas, balki har doim yangilanib turadigan baho. Shuning uchun reyting olgan mamlakatlar doimiy ravishda xalqaro reyting agentliklari kuzatuvida bo‘lib, har bir muhim o‘zgarish mamlakatning to‘lov qobiliyatini o‘sishi yoki pasayishi nuqtai nazaridan tahlil etiladi. Natijada, suveren reyting yuqorilashi yoki pastlashi mumkin.

«Yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar davom etmoqda. 32 million aholisi bor O‘zbekiston haqiqiy ma'noda o‘zgarmoqda va bu ijobiy o‘zgarishlar jahon hamjamiyati tomonidan kuzatilmoqda va keng e'tirof etilmoqda. O‘zbekiston hukumati uchun xorijiy investorlarni iqtisodiyotimizga jalb etish yuksak ahamiyat kasb etadi. Oldimizda turgan muhim vazifalardan biri xalqaro suveren reytingini olish va jahon moliya bozorlarida O‘zbekiston Respublikasining ilk suveren Yevrobondini chiqarishdan iboratdir. Bu amallar mamlakatimizning xorijiy investitsiyalar uchun ochiqligini yana bir bor isbotlaydi», deydi Moliya vaziri maslahatchisi Isoqov.

Ko‘proq yangiliklar: