Eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish, ularni parvarishlash, hamkorlar topib xorijiy davlatlarga ularni eksport qilish ayni kunlarda O‘zbekiston olib borayotgan iqtisodiyotning dolzarb tamoyillaridan biri bo‘lib turibdi. Joriy yilning bahor oyida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 yanvardagi 62-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 15 ming gektardan ortiq maydonga eksportbop achchiq qalampir ko‘chatlari qadaldi.
«Brand Investment Group» kompaniyalar guruhi haqida avval ham hikoya qilgan edik. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar asosida agrar sektorni isloh qilish, ekinlarni klaster usulida ekish bilan shug‘ullanayotgan ushbu kompaniya bugun o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishdi. Shuni ma'lum qilib o‘tish joizki, ushbu kompaniyalar guruhining turli viloyatlarda o‘z sho‘'ba korxonalari bor. Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida faoliyat yuritayotgan BIG AGRO LEGUMES ham ana shunday sho‘'ba korxonalaridan biridir.
2017 yil kompaniya tomonidan tuzilgan biznes rejaga asosan achchiq qalampir yetishtirish bo‘yicha ish boshlandi. 2000 gektar maydonga bahorning mart oyi boshlarida Hindistondan Kayan gibridli nav olib kelib ekildi. Boshlangan katta ishga, albatta, katta miqdorda ishchi kuchi talab etilar edi. Bunga ham erishildi - mart oyidan to avgust oyining so‘ngiga qadar 3000-3500 nafar kishi kunlik, muntazam ish bilan ta'minlandi. Bu esa odamlarning qo‘shimcha daromadli bo‘lishlariga sabab bo‘ldi.
Eksportbop achchiq qalampir yetishtirish O‘zbekiston agrar sektorida yangilik bo‘lgani bois, uni yetishtirishda mutaxassislar maslahatiga tayanib ish tutildi. Shu maqsadda Hindiston, Turkiya va Indoneziyadan mutaxassislar taklif etildi. Ular o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Bu, albatta, o‘z samarasini berdi. Buni amaliy misollarda ham ko‘rish mumkin. Mo‘l hosilga erishildi. Bugun tayyor bo‘lgan dastlabki eksportbop mahsulotlar “Chili Spice” brendi ostida xorijga chiqishga shay. Ayni kunlarda terim ishlariga 10 000 ga yaqin kishi jalb etilishi kutilmoqda.
- Biz yetishtirgan qalampirlar Arab va Osiyo davlatlari, Yevropa mamlakatlari va Meksikaga eksport qilish rejalashtirilgan, - deydi Eksportni rivojlantirish departamenti boshlig‘i Bobur Abdumavlyanov. – Ayni kunlarda tayyor bo‘lgan va maxsus qadoqlarga joylashtirilgan ilk mahsulotlarimiz Arab va Yevropa davlatlari va Rossiyaga ketishga shay turibdi. Bundan tashqari, mahsulotlarimizni qadoqlashda innovatsion yondashgan holda ish olib boryapmiz. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan BIG AGRO brendini jahonga tanitishda yangi qadam bo‘ldi.
Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri