Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev «Qozog‘iston Respublikasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida 1996 yil 12 iyundagi daromadlar va mol-mulkni ikki yoqlama soliq tortishning oldini olish bo‘yicha Bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida Qozog‘iston Respublikasi hukumati hamda O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasidagi Bayonnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunni imzoladi. Bu haqda Zakon.kz Oqo‘rda matbuot xizmatiga asosan xabar bermoqda.
2017 yil 23 mart kuni Ostonada imzolangan bayonnoma har ikki davlat soliq xizmatlari hamkorligini axborot almashish va Bitimning alohida bandlarini daromadlar ayrim turlari soliqqa tortish bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish orqali rivojlantirishga qaratilgan.
Hujjatda quyidagilar ko‘rsatilgan:
- axborot almashishni kengaytirish, soliqlar yig‘ishda yordam ko‘rsatish yo‘li bilan soliqdan bo‘yin tovlashning oldini olishga qaratilgan bandlarni o‘zgartirish;
- norezident tomonidan doimiy muassasa shakllanishi mezonlarini belgilovchi modda bandlariga aniqlik kiritish;
- qator atamalarni o‘zgartirish va Bitim amal qiladigan Qozog‘iston soliqlarining nomlariga aniqlik kiritish;
- dividendlar, foizlar, royalti, mulk qiymati o‘sishi, mustaqil shaxsiy xizmatlar va boshqa daromadlar soliqqa tortilishini tartibga soluvchi moddalarni o‘zgartirish.