Alkogol va qaynoq choy qizilo‘ngach saratoniga olib keladi

Fan-texnika 16:32 / 12.08.2018 27295

Spirtli ichimliklarni iste'mol qilish barobarida qaynoq choyni ham xush ko‘ruvchilarda qizilo‘ngach saratoni xavfi yuqori ekani aniqlandi. To‘qqiz yil mobaynida 30 yoshdan 79 yoshgacha bo‘lgan 500 mingga yaqin kishining salomatligi va odatlarini kuzatgan Pekin universitetining olimlar guruhi shunday bayonot bildirishdi. Tadqiqot natijalari Annals of Internal Medicine jurnalida chop etildi. 

Foto: Shutterstock

Ma'lum bo‘lishicha, choyni qaynoq holda ichishni xush ko‘rish bilan birga, spirtli ichimliklarni ham iste'mol qiluvchi kishilar qizilo‘ngach saratoni bilan boshqalarga nisbatan besh baravar ko‘proq kasallangan. Shu bilan birga, spirtli ichimliklarni ichmagan, biroq sigareta chekuvchi va qaynoq choy ichuvchi kishilarda kasallik ikki baravar ko‘proq qayd etilgan. 

Bu yerda gap ichimlikning o‘zida emas, uni qaynoq holda ichishda: Tselsiy bo‘yicha 65 darajadan yuqori bo‘lgan har qanday ichimlik insonning ichki organlariga termik jarohat yetkazadi, bu esa onkologik kasalliklarning rivoji xavfini oshiradi. Shifokorlar odamlarni qaynoq ichimliklarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga chaqirishdi, bu ayniqsa spirtli ichimliklarni iste'mol qiluvchi va sigareta chekuvchi kishilarga taalluqli. 

Statistika ham olimlar xulosasini tasdiqlaydi: qizilo‘ngach saratoni eng ko‘p qayd etiladigan mamlakat - Xitoy. Zero bu mamlakatda choy ichish madaniyati keng tarqalgan va shu bilan bir qatorda bu yerda sigareta chekuvchi va spirtli ichimliklarni ichuvchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Rossiya, Turkiya va Janubiy Amerika ham xuddi shu sabablarga ko‘ra xavf hududlari sifatida qayd etilgan. Britaniyaliklar choyni ko‘p ichishlariga qaramay ancha ijobiy ko‘rsatkichlarni namoyish etishgan, bunga ularning choyni sovuq sut bilan aralashtirib ichish odatlari sabab sifatida keltirilgan. 

Foto: Shutterstock

Tadqiqot mualliflarining fikricha, qizilo‘ngach saratoni profilaktikasida eng asosiysi – tamaki va spirtli ichimliklar iste'molidan voz kechish. Tamaki va spirtli ichimliklar iste'molining o‘zidayoq saraton rivoji xavfi yuqori bo‘ladi, biroq shular bilan birga, yuqori haroratli choy iste'moli ham saraton xavfini bir necha baravarga oshiradi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham yaqinda spirtli ichimliklar iste'moli saratonning yetti turi (yo‘g‘on va to‘g‘ri ichak, ko‘krak bezi, qizilo‘ngach, xalqum, jigar, og‘iz bo‘shlig‘i va tomoq saratoni)ni keltirib chiqarishidan ogohlantirdi. 

Foto: Shutterstock

Choysevarlar xotirjam bo‘lishlari mumkin: agar choyni iliq yoki salqin holda ichilsa, aksincha, onkologik kasalliklar xavfini pasaytirish mumkin. Tadqiqotlarga ko‘ra, har kuni ko‘k choy ichgan kishilarda oshqozon saratoni 48 foizga kamaygan.

Ko‘proq yangiliklar: