Stenford universiteti (Kaliforniya shtati) olimlari Google "aqlli" ko‘zoynaklari va maxsus dasturiy ta'minotdan foydalanish autizmdan aziyat chekuvchi bolalarga muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam berishini aniqlashdi. Atigi 10 hafta ichida smart-ko‘zoynaklar ishtirokidagi tadqiqotda qatnashgan autizm bilan kasallangan bolalar atrofdagilar bilan o‘zaro munosabatlarni yanada yaxshilashga va ularning his-tuyg‘ularini yaxshiroq anglashga muvaffaq bo‘lishgan. NPJ Digital Medicine jurnalida shu haqida ma'lum qilindi.
Tadqiqotda 3 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 14 nafar autizmdan aziyat chekuvchi bola ishtirok etgan, ular 10 hafta davomida Google Glass smart-ko‘zoynaklari va smartfon orqali Android'da ishlovchi Superpower Glass System maxsus ilovasidan foydalanishgan.
Ma'lum bo‘lishicha, autik spektrda buzilish aniqlangan bolalarda (RAS yoki ASD — autism spectrum disorder) atrofdagilarning his-tuyg‘ularini anglash va ular bilan muloqot qilish xususiyatlarida muammolar kuzatiladi. Bu esa bunday bolalarning jamoatchilik bilan muloqot qilishiga salbiy ta'sir qiladi.
Google'ning "aqlli" ko‘zoynagi quyidagi tartibda ishlaydi: unga o‘rnatilgan videokamera bola bilan muloqot qilayotgan insonning tasvir yoki ovozini yozib oladi va uni maxsus ilova yuklangan smartfon yoki planshetga uzatadi. Shundan so‘ng ilova yordamida ko‘zoynak displeyida u yoki bu hissiyot haqida ma'lumot (tegishli smayl yoki qisqa xabar shaklida) aks etadi. Bularning bari avtomatik ravishda shifrlangan shaklda tadqiqotchilarning yopiq serveriga yoziladi, so‘ngra ular autizmga chalingan bolalarning muloqot natijalarini tahlil qilishlari mumkin bo‘ladi.
Manbada ta'kidlanishicha, ilova sakkiz bazaviy hissiyotni taniy oladi - xursandchilik, ma'yuslik, g‘azab, hayrat, qo‘rquv, nafrat, beparvolik va xotirjamlik.
Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, autizmdan aziyat chekuvchi bolalarning ota-onalari va olimlar muloqot ko‘nikmasi rivojida ijobiy dinamikani qayd etishgan.