Jahon | 17:34 / 29.01.2025
4402
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Googleʼga belgilagan jarimalar miqdori 2 duodetsillion rublga yaqinlashdi

Duodetsillion bu - 39 ta nolga ega raqam. Rossiya telekanallari YouTubeʼdagi akkauntlari bloklangani uchun Amerika korporatsiyasini sudga bergan. Sud esa unga oshib boruvchi jarima belgilagan va uning eng ko‘p miqdori cheklanmagan.

Foto: Kun.uz

Rossiyaning 17 ta telekanali YouTube akkauntlari bloklangani uchun Google korporatsiyasidan talab qilayotgan jami summa 15 yanvar kuni 1,81 duodetsillion rublga yetdi. Bu haqda ikki nafar manbasining so‘zlariga tayanib «RBK» nashri xabar berdi.

Duodetsillion bu — 39 ta nolga ega raqam.

2021 yilda Rossiya sudi Googleʼga oshib boradigan jarima belgilagan, chunki korporatsiya YouTubeʼdagi Rossiya propaganda kanallarini, jumladan, «Birinchi kanal», VGTRK, NTV, «Zvezda» va Margarita Simonyanning kanallarini tiklashdan bosh tortgan. Sud qaroriga ko‘ra, faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan kanallarning har bir kuni uchun 100 ming rubl miqdorida jarima hisoblanadi, bunda Google qarorni bajarmaguncha jarima har hafta ikki baravar ko‘payib boradi.

Googleʼga belgilangan progressiv jarima miqdori cheklanmagan. 2024 yil oktyabr oxirlarida u 2 undetsillionga (36 ta nolga ega raqam) yetgandi. Ma’lum muddatdan keyin jami summa gugoldan — 100 ta nolga ega raqamdan ham oshib ketishi mumkin.

Qayd etilishicha, Rossiya tomonidan belgilangan jarima miqdori Googleʼga egalik qiluvchi Alphabet kapitalizatsiyasidan (2,4 trillion dollar) ham ko‘p.

Rossiya mediasi turli davlatlarning sudlari orqali Googleʼdan RF sudi qarorini bajarishni talab qilmoqda. Angliya va Uels Oliy sudi 2025 yil yanvarda Rossiya telekanallariga korporatsiyaning AQSh va Buyuk Britaniyadan boshqa davlatlardagi aktivlariga hibs qo‘yilishini talab qilishni taqiqlagan.

Mavzuga oid