Jahon | 00:09 / 20.02.2025
1741
2 daqiqa o‘qiladi

Google Italiyaga soliq tergovini hal etish uchun 340 mln dollar to‘laydi

Milan prokuraturasi Googleʼga nisbatan 2015 yildan 2019 yilgacha soliqlardan qochish ishi bo‘yicha tergov boshlagan. Amerika korporatsiyasi ishni sudga qadar hal etishga kelishib olmoqchi.

Foto: AP

Amerika texnologik giganti Google Italiyada soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash ishi bo‘yicha tergovni hal etish uchun 340 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi, deb yozadi Associated Press.

Milan prokuraturasi Googleʼga nisbatan 2015 yildan 2019 yilgacha soliqlardan qochish ishi bo‘yicha tergov boshlagan. Unda asosiy e’tibor reklama daromadlari, shuningdek, Italiyadagi serverlar va kompaniyaning boshqa infratuzilmalariga qaratilgan.

Italiya prokuraturasi kelishuvga erishilganidan keyin tergovni to‘xtatish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi. Google ham o‘z bayonotida tergovni yakunlash bo‘yicha kelishuvga erishilishini tasdiqladi va ushbu qadam soliq masalalarini «sud jarayonlarisiz» hal etish imkonini berishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentabrida Yevropa sudi 2019 yilda Yevrokomissiya tomonidan reklama shartnomalarini tuzishda raqobat qoidalarini buzgani uchun Google texnologik gigantiga nisbatan belgilagan 1,49 milliard yevro miqdoridagi jarimani bekor qilgandi

Yevrokomissiya oxirgi yillarda Google’ga nisbatan ko‘p milliardlik jarimalarni belgiladi. Xususan, 2017 yilda Yevrokomissiya Google’ga nisbatan 2,4 milliard yevro jarima belgilagan edi — bunga kompaniya qidiruv sahifasiga o‘z servisini birinchi o‘ringa qo‘yishi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid