Google korporatsiyasi AQShdagi foydalanuvchilari uchun Google Maps servisida Meksika ko‘rfazi nomini Amerika ko‘rfaziga o‘zgartirib qo‘yadi. Bu haqda kompaniya bayonotiga tayanib CNN xabar berdi.
Mazkur o‘zgartirish AQSh hududida joylashgan obektlarning ma’lumotlar bazasi — Geografik nomlar axborot tizimi (GNIS) yangilangandan so‘ng paydo bo‘ladi.
Google rasmiy hukumat manbalarida yangilanishlar amalga oshirilsa, o‘zining joy nomlarini o‘zgartirish amaliyotiga rioya qilishini bildirdi.
25 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Meksika ko‘rfazini Amerikaga, Alyaskadagi Denali cho‘qqisini esa Mak-Kinliga o‘zgartirishni buyurgandi. Bu Shimoliy Amerikadagi eng baland nuqta bo‘lib, avvaliga 1901 yilda o‘ldirilgan prezident Uilyam Mak-Kinli sharafiga nomlangan. Ammo 2015 yilda Barak Obama Mak-Kinlini mahalliy amerikaliklar foydalanadigan Denali nomiga o‘zgartirgan edi. Bu Alyaskada yashovchi aholining talabi va ikki asosiy partiya vakillari qo‘llovi bilan ro‘y bergandi.
Google, shuningdek, o‘z xaritalarida Alyaskadagi Denali cho‘qqisi nomini ham o‘zgartiradi.
Kompaniyadagilarning so‘zlariga ko‘ra, «rasmiy nomlar turli mamlakatlarda bir-biridan farq qiladi, Google Maps foydalanuvchilari esa rasmiy mahalliy nomlarni ko‘radi». «Dunyodagi boshqa foydalanuvchilar ikkala nomni ham ko‘radi. Bunday tartib shu yerda ham amal qiladi», — deyiladi bayonotda.