Fransiya parlamenti kichik va o‘rta maktablarda mobil telefon va boshqa elektron qurilmalarni to‘liq taqiqlash haqidagi qonunni qabul qildi, deb xabar bermoqda BFMTV telekanali.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2017 yil mart oyida, o‘zining saylovoldi kampaniyasida aynan shunday tashabbus bilan chiqqan edi. Ayni paytda, Fransiyaning ba'zi o‘quv dargohlarida uyali aloqa telefonlarini taqiqlovchi qoidalar amal qilmoqda.
Telekanal xabariga ko‘ra, qonun parlamentda ko‘pchilikni tashkil qiluvchi «Olg‘a, respublika» partiyasi deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Bundan tashqari, «Demokratik harakat», «Demokratlar va mustaqillar ittifoqi» partiyalari ham qonunni ma'qullashgan. Biroq, «Respublikachilar», kommunistlar va «Bo‘ysunmagan Fransiya» bu qonunni tanqid qilib, ovoz berish chog‘ida betaraf bo‘lishgan.