Tez o‘zgarib borayotgan dunyoda har soatda yangi IT loyihalarning amaliyotga tatbiq etilayotganidan xabar topamiz. Nega shunday loyihalarning bir qismini O‘zbekistonda amalga oshirishning imkoniyati past baholanadi?
Xuddi shunday savol bilan AQShning Kaliforniya shtatida istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik AKT mutaxassisi Timur Shokirovga murojaat qildik.
«O‘zbekistonda 32 milliondan ortiq kishining yashashini inobatga olib,AKT sohasidagi eng global muammoni aytsam: juda ham ko‘plab yirik loyihalarning amalga oshmay qolishi internet tezligining pastligi sabab bo‘lyapti. Shuning uchun, biz bilgan loyihalar amalga oshmay qolmoqda, nazariy jihatdan barchasini bilamiz, ammo amaliyotda bu o‘z aksini bermaydi», deydi Shokirov.
Mutaxassisning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi ushbu masala ustida ish olib boryapti hamda bu ishlar yil so‘ngiga qadar ajoyib natijalarni taqdim etishi mumkin.
Agar barcha masala internetga bog‘liq, deb bilsak, uning sifati va tezligini oshirish masalasida qanday ishlar amalga oshirilish lozim?
Ushbu savolga «Sberbank Technology» xodimi, o‘zbekistonlik mutaxassis Farrux Holmuhammedov javob berdi.
«Internet sifatini yaxshilash, qolaversa, uning tezligi haqida gap ketganda, qoplamani kengayishini ta'kidlagan bo‘lardim. Biz O‘zbekistonda internet kanallarining kengligi, uning barcha respublika bo‘ylab uzluksiz yetkazib berilishi haqida o‘ylashimiz kerak. Uning narxi arzon bo‘lishi kerak, ammo narx masalasi birinchi darajadagi ahamiyatli omil emas. Asosiysi - sifat», deydi Farrux.
Soha mutaxassislar bilan tashkil etilgan intervyuni quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.