Jahondagi eng yirik internet-riteyler bo‘lgan Amazon kompaniyasining 2018 yilning ikkinchi choragidagi sof daromadi qariyb 13 baravarga oshdi. Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, sof daromad ko‘rsatkichining yaxshilanishiga asosan bulutli biznes va reklamalardagi ko‘rsatkichlarning o‘sishi sabab bo‘lgan.
Aprel-iyun oylarida sof daromad 2,5 milliard dollarga yetgan — o‘tgan yilning shu davrida bu raqam 197 million dollarni tashkil etgan.
FT’ning yozishicha, Amazon kompaniyasining rekord ko‘rsatkichlari Facebook kompaniyasining inqirozli hisobotlari manzarasida e'lon qilindi. Kompaniya hisobotidan so‘ng Mark Tsukerberg aksiyalari narxi tushib ketdi, kompaniya esa 130 milliard dollarga yaqin zarar ko‘rdi. Tsukerbergning o‘zi eng boy insonlar reytingida uch pog‘ona pastladi.
Amazon asoschisi Jyeff Bezosning boyligi iyul oyida 150 milliard dollarga yetdi – u zamonaviy tarixdagi eng boy inson hisoblanadi.