O‘zbekiston | 10:56 / 23.07.2018
11097
7 daqiqa o‘qiladi

IIV Akademiyasiga 630dan ortiq kursant qabul qilindi

Foto: O‘zA

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarimizning zamonaviy bilimli kasb hunar egallashi, kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lishi bosh ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu ma'noda, mustaqillik yurtimiz yoshlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Ona Vatanimizning ertangi kuni uchun munosib hissa qo‘shishni istagan o‘g‘il-qizlar bunday imkoniyatlardan oqilona foydalanib, o‘z maqsadlari, kelajak orzulari sari dadil odimlayaptilar.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil
16 avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosidan kelib chiqib, 2017 yil 1 dekabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllariga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Akademiyaning kunduzgi ta'lim shakliga o‘qishga qabul qilish maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat orqali test sinovlarisiz amalga oshirilishi belgilandi. Aytish kerakki, bu imkoniyat mamlakatimiz yoshlarining o‘z intilishlari, salohiyatlari va kelajak maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda muhim turtki bo‘ldi.

Joriy yili ta'lim muassasasiga 10 mingga yaqin abituriyent hujjat topshirdi. Ushbu raqam o‘tgan yillarga qaraganda to‘rt barobar ko‘pligini alohida e'tirof etish joiz. Shundan 8 903 nafar o‘g‘il-qiz maxsus kasbiy tanlovda qatnashib, psixofiziologik o‘rganish, yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik darajasi hamda chet tillarini o‘zlashtirganligini baholash bo‘yicha sinovlarni topshirdi. Maxsus kasbiy tanlovlardan to‘plashi mumkin bo‘lgan maksimal ballning 50 foizi va undan yuqori ball olgan nomzodlar yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo‘yildi.

Aytish kerakki, imtihonlar qat'iy me'yor va talablar asosida tashkil etildi. Abituriyentlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, imtihon o‘tkaziladigan maxsus xonalar zarur texnika va jihozlar bilan ta'minlandi. Imtihonlar boshlanishi oldidan nomzodlarga raqamlangan maxsus kartochkalar topshirildi va maxsus kasbiy tanlovning har bir bosqichi javoblari o‘z vaqtida e'lon qilib borildi. O‘z navbatida, to‘plagan ballaridan ko‘ngli to‘lmagan nomzodlar va ularning ota-onalari uchun apellyatsiya tartibi joriy etilib, o‘tkazilgan sinovlarning videotasvirlari namoyish etildi. Qolaversa, imtihonlar va yakuniy suhbatga Akademiyaning malakali mutaxassislari bilan birga, respublikamiz yetakchi ta'lim muassasalaridan tajribali o‘qituvchilar jalb qilindi. Bu ham jarayonning teng, oshkora va shaffof o‘tishiga xizmat qildi.

Nihoyat, yakuniy natijalar e'lon qilindi. Yuqoridagi bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 633 nafar o‘g‘il-qiz Akademiya kursantlari safiga qabul qilindi. 

– Ushbu ta'lim dargohida o‘qishni orzu qilardim, – deydi Lochinbek Tolmasov. – Bu yo‘lda astoydil o‘qidim, fanlardan puxta tayyorlandim. Jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullandim. Bugun ana shu mehnatlarim o‘z samarasini berdi va maqsadimga erishdim. Kirish imtihonlarining maxsus tanlov va suhbat asosida o‘tkazilishi biz, yoshlar uchun chinakam imkoniyat bo‘ldi. Muhimi, har bir bosqichda adolat va bilim ustunlik qildi. Muhtaram Prezidentimiz o‘zlarining har bir chiqishlarida yoshlar ta'lim-tarbiyasi haqida kuyunib gapiradilar. Davlatimiz rahbarining ishonchlarini oqlab, kelgusida oliy ma'lumotli ofitser hamda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishga va'da beraman.

Namanganlik Rahimaxon Rasulova ham o‘g‘lining yutuqlaridan xursandligini yashirmadi. “Inson borki, yaxshi niyat, pok umidlar bilan yashaydi, – deydi u. – Ayniqsa farzandining yorug‘ kelajagini ko‘rish har bir ota-ona uchun eng katta orzu-havas bo‘lsa kerak. Turmush o‘rtog‘im bilan o‘g‘limiz Xurshidbekni halol, bir so‘zli yigit qilib voyaga yetkazdik, o‘qitdik, maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik. U bolaligidanoq shu sohaga juda havas qilardi. “Ulg‘aysam, albatta, ichki ishlar xodimi bo‘lib, mahallamizning tinchligini asrayman!” derdi. Buni qarangki, ana shu niyati yo‘lida u bugun ilk qadamini tashladi. Men o‘g‘limni Toshkentga “nasib qilsa, o‘qishlarga kirib, hali ona Vataning uchun qasamyod qilasan!”deya kuzatgandim. Shukurki, niyatim amalga oshdi. Farzandlarimiz taqdiri uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Prezidentimizga  alohida minnatdorchilik bildiraman.

– Bu sohaning mashaqqati-yu muvaffaqiyati menga begona emas. Buvam ichki ishlar tizimida ko‘p yillar ishlab, nafaqaga chiqqanlar. Ularning hayotiy o‘gitlari, maslahatlari bilan shu sohaga mehr qo‘yganman. Kelajakda bir maqsadim bor: “A'lo baholar bilan o‘qib, malakali mutaxassis sifatida xalqimizga xizmat qilish! Oilamizning sharafli an'anasini munosib davom ettirish”, – deydi Nodirabegim Ibragimova.

Darhaqiqat, mamlakatimiz ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoni – har bir sohani yetuk mutaxassis kadrlar bilan ta'minlashdir. Bugun ularning safi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga qabul qilingan bilimga chanqoq, fidoiy, Vatanimiz taqdiriga daxldor yoshlar bilan yanada kengaygani har birimizni quvontiradi, albatta. Eng muhimi, navqiron kursantlar shu maskanda ta'lim olib kelgusida professional mutaxassis kadr bo‘lib yetishishni va xalq manfaatlariga xizmat qilishni maqsad qilganlar.

Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasi matbuot xizmati katta inspektori

Mavzuga oid

E`lonlar