Google kompaniyasi so‘nggi ikki yil davomida yangi mobil operatsion tizimni ishlab chiqish bilan shug‘ullanmoqda, u istiqbolda Android’ni almashtirishi lozim. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Yangi loyiha Fuchsia («Fuchsiya») nomini oldi, hamda Google mutaxassislari uni «noldan» yaratishmoqda. Bu operatsion tizim Android’ni ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha, ayniqsa qurilmalar bilan ovozli o‘zaro aloqalar sohasida ortda qoldirishi kutilmoqda. Xususan, bunda noutbuklardan tortib internetga kirishi mumkin bo‘lgan mitti sensorlar ham qamrab olinadi.
Xabar qilinishicha, Fuchsia kelayotgan uch yil davomida gadjyetlarga asta-sekin tatbiq etib boriladi. Google mutaxassislarining umid qilishicha, u besh yildan so‘ng butun dunyo bo‘ylab qurilmalar 80 foizida o‘rnatilgan Android operatsion tizimini almashtira oladi.