1 avgustdan aholiga yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz narxi oshadi

O‘zbekiston 17:40 / 18.07.2018 37135

2018 yil 18 iyul kuni “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatida Xalq roziligi – davlat taraqqiyotining bosh omili” mavzuida Respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘ztransgaz” AJ va uning hududiy bo‘limlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi boshqaruvi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Bu haqda “O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lumki, “O‘ztransgaz” AJ iste'molchilarni tabiiy  gaz  bilan  uzluksiz  ta'minlash,  shuningdek,  yetkazib berish,  tranzit  va  eksport  qilish  vazifalari bilan shug‘ullanadi. Hozirgi kunda respublikada 6 million 143 ming iste'molchiga gaz yoqilg‘isi yetkazib berilmoqda. Shulardan 3 million 300 ming uy-joy va 83 mingga yaqini ulgurji iste'molchiga tabiiy gaz, 2 million 760 ming aholi xonadonlariga esa suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

Ulgurji tabiiy gaz iste'molchilarining 5 ming 700 ga yaqinini sanoat korxonasi, 45 ming 500ga yaqini maishiy xizmat ko‘rsatish obekti hamda 31 ming 500 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub'yektidir.

2018 yil 1 apreldan aholiga sotiladigan 1 kg suyultirilgan gazning narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 720 so‘m, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida 700 so‘m, qolgan hududlarda 500 so‘m etib belgilandi. 1 avgustdan boshlab, mamlakatimizning barcha hududlarida aholiga suyultirilgan 1 kg gazni 800 so‘mdan yetkazib berish belgilanmoqda.

Tadbirda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kelgusida quyi tizimlarda murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha tahlil va nazoratni kuchaytirish, joylarda amaliy seminar-yig‘ilishlar o‘tkazish yo‘li bilan mas'ul xodimlarning fuqarolar bilan ishlashi borasida malakasini oshirish, shaxsiy va sayyor qabullar o‘tkazishni ommalashtirish, hatto uyma-uy yurish mexanizmi asosida ishlashga o‘tish kerakligi aytib o‘tildi.

Ko‘proq yangiliklar: