Janubiy Koreyaning Samsung Electronics elektronika ishlab chiqaruvchisi Hindistonda smartfonlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik zavod ochdi, deyiladi kompaniya tarqatgan xabarnomada.
«Hindiston bosh vaziri bugun Hindistonning Uttar-Pradesh shtati, Noyda shahrida tantanali ravishda Samsung Electronics mobil telefonlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan jahondagi eng yirik zavodni ochib berdi», — deyiladi relizda. Ta'kidlanishicha, Samsung India «Dunyo uchun yasa» tashabbusiga start bergan, undan maqsad — Hindistonda ishlab chiqarilayotgan telefonlarni xorij bozorlariga eksport qilishdir.
Yangi obekt sharofati bilan Samsung o‘zining Noydadagi ishlab chiqarish quvvatlarini qariyb ikki barobarga — yiliga 68 million telefondan 120 milliongacha oshirib oladi.
Samsung 2007 yildan buyon Hindistonda mobil telefonlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
«Noydadagi fabrikamiz jahondagi mobil telefonlar ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik zavod bo‘lib, Samsung’ning Hindistonga qat'iy sodiqlik ramzi hamda «Hindistonda yasha» hukumat dasturining muvaffaqiyatga yaqqol misol bo‘la oladi. Samsung — Hindistonning uzoq muddatli hamkoridir», — deyiladi relizda Samsung India rahbari janob Hongning so‘zlaridan iqtibos keltirilib.
Samsung Electronics — yarimo‘tkazgichlar, telekommunikatsiya uskunalari, xotira chiplari, suyuq kristalli displeylar, mobil telefonlar va monitorlar kabi elektronika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi xalqaro kompaniyadir. Uning shtab-kvartirasi Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida joylashgan.