Alibaba kompaniyasining Shanxaydagi restoranini dunyodagi eng texnologik restoranlardan biri, deb atash mumkin. U yerda robotlar boshqa qahvaxonalardagi singari taom tayyorlamaydi. Ular inson bajarishi mumkin bo‘lgan ishlarni qilishadi. Bu restoranga tashrif buyurgan odam ajoyib taassurotlarga ega bo‘ladi. Keling, Business Insider yordamida mazkur restoranga virtual sayohat uyushtiramiz.
Robot.He deb nomlanuvchi dengiz mahsulotlari restorani Alibaba’ning Hema savdo markazida joylashgan. Sizni eshik oldida ma'mur kutib oladi va bo‘sh stol tanlashingiz uchun katta sensor ekran oldiga boshlab boradi. O‘zingizga kerakli miqdorda joyi bo‘lgan qulay joylashuvli stolni tanlashingiz mumkin.
Stol tanlanganidan keyin smartfondagi ilovadan QR-kodni skanerlash kerak bo‘ladi. Restoran xodimlari sizning qaysi stolda o‘tirganingizni shu tariqa bilib olishadi.
Endi supermarketga borib, kerakli dengiz mahsulotini tanlashning ayni vaqti. O‘zingizga yoqqan barcha narsani kassadagi xizmatchiga berasiz, u bu mahsulotlarni konveyerga joylaydi. Bu bosqichda QR-kod yana bir marta skanerdan o‘tkaziladi. Bu orqali xodimlar sizning qanday taom yemoqchi ekanligingizni bilib olishadi, sizga esa taom tayyor bo‘lganligi haqida xabar beriladi.
Konveyyer ichida robotlashgan qo‘l xarid qilgan mahsulotlaringizni olib, muzlatgichga joylaydi. Bu yerda mahsulotingiz taomga aylanishi uchun navbatga qo‘yiladi. Siz esa o‘z stolingizga borishingiz mumkin. Istasangiz, QR-kod yordamida yana biror narsaga buyurtma bersangiz ham bo‘ladi. Ilovada taomnoma mavjud.
Buyurtmangiz tayyor bo‘lishi bilan oshpazlar uni maxsus tasmaga qo‘yishadi, taom to‘g‘ri sizning stolingizga yetib keladi. Ovqat maxsus konteynerlarda keltiriladi. Konteyner yetib kelishi bilan ochiladi va siz o‘z buyurtmangizni olishingiz mumkin.
Shu tarzda siz oshxona xodimlari bilan muloqotda bo‘lishingiz mumkin, ammo Alibaba bu restoranda ofitsiantlar xizmatidan butunlay voz kechdi. Buyurtmangiz hech kimning esidan chiqmaydi yoki almashib qolmaydi. Ofisiantni kutishga ham hojat yo‘q. Buyurtma berishdan boshlab uning yetib kelishigacha barcha jarayonlar avtomatlashgan. Bu yerdagi xodimlar esa taom tayyorlash bilan band bo‘lishadi.