Marat Kabayev Putinning yaqin doirasiga kirish yo kirmasligi, biznes va qizi bilan munosabatlari haqida

Jahon 02:00 / 22.02.2018 60294

Olimpiya chempioni Alina Kabayevaning otasi, asli o‘zbekistonlik sobiq futbolchi, Xalqaro islom biznesi assotsiatsiyasi rahbari Marat Kabayev Forbes.ru muxbiri bilan suhbatda o‘zining Rossiya hukumati bilan qalin aloqalarini rad etdi. U assotsiatsiyani boshqarishi, lekin ishbilarmonlik faoliyatini o‘zi yuritmasligini ta'kidlagan.

Ikki hafta ilgari «Dojd» telekanali Olimpiya chempioni, Davlat Dumasining sobiq deputati Alina Kabayevaga tegishli «Natsionalnaya Media Gruppa» xoldingi direktorlar kengashi raisi Marat Kabayev RF prezidenti Vladimir Putinning yaqin doirasiga kirishi hamda Moskva shahridagi qurilish biznesiga sezilarli ta'sir o‘tkazishi haqida xabar bergan edi.

«Leninskiy prospekt» metrosi hududidagi Xalqaro islom biznesi assotsiatsiyasi ofisiga kirish uchun ko‘p qavatli turar-joyning yerto‘lasiga tushish kerak bo‘ladi. Kunning qoq yarmi, biroq ofisda odam kam. Assotsiatsiya rahbarining qabulxonasi va kotibi yo‘q. Uning xonasi ortiqcha hashamatsiz ta'mirlangan — faxriy yorliqlar, diplomlar va kamtarona suvenirlar bilan bezatilgan. Ishchi stolida kompyuter va bir necha qog‘oz.

Ushbu kichik xona egasi, o‘tmishda Toshkentning «Paxtakor» klubi futbolchisi hanuz sportchilarga xos ko‘rinishini yo‘qotmagan. Marat Kabayev Xalqaro islom biznesi assotsiatsiyasi rahbari mavqeiga qaramay, biznes bilan shug‘ullanmaydi: «Men ishbilarmon emasman. Shaxsiy biznesim yo‘q».

Foto: Proufu.ru

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, Kabayev Qozonda yashab turib Rossiya Federatsiyasi Musulmon ishbilarmonlar assotsiatsiyasini noldan barpo qilgan va «Kemesh-Chishme» davlat ta'mirlash-qurilish korxonasini boshqargan. Korxona Marat Xusnullin rahbarligidagi Qurilish vazirligi boshchiligida faoliyat yuritgan va Xalqaro islom biznesi assotsiatsiyasi manzilida ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan so‘ng u go‘yoki Moskva qurilish kompleksini boshqaruvchi Xusnullinning Qozondan poytaxtga ko‘chishiga sababchi bo‘lgan. Kanal manbalarining ta'kidlashicha, endi aynan Tataristondan chiqqan fuqarolar Moskvadagi renovatsiya dasturining asosiy shaxslari bo‘lishadi: renovatsiya dasturining asosiy ijrochilari Xusnullinning Qozondagi sobiq hamkasblari - Damir Gazizov va Albert Suniyev tomonidan boshqariluvchi «KP UGS» va «KP UEZ» bo‘lishadi.

Kabayev suhbatni bu ma'lumotni inkor qilishdan boshladi. «Hech qanday gumonlar bo‘lmasligi uchun avvaldan aytib qo‘yayin: Xusnullin va uning jamoasi bilan tanishganimdan xursand bo‘lardim, biroq yo uning vaqti bo‘lmasdi, yoki men band bo‘lardim. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: men Qozonga 2011 yilda Toshkentdan kelganman, u esa 2010 yilda Sobyaninning shaharsozlik bo‘yicha yordamchisi edi, xo‘sh, qanday qilib uning bu lavozimga tayinlanishiga sababchi bo‘lishim mumkin? O‘zbekistonda bolalar murabbiyi bo‘lib ishlab turibmi? Bu aqlga sig‘maydigan gap». Kabayevning so‘zlariga ko‘ra, u Gazizov va Suniyev bilan ham tanish emas: «Agar ularning rahbari Xusnullin bilan tanish bo‘lmasam, qanday qilib ular bilan tanish bo‘lishim mumkin?».

U shuningdek, «Kemesh-Chishme» korxonasi bilan aloqalarini ham rad etdi. «Masalan, menga 1993 yilda shu manzildan ro‘yxatdan o‘tgan firmalarni bog‘lashadi. U yili esa men Qozog‘istonning «Pavlodar» jamoasi uchun o‘ynaganman. Yana bir bor takrorlayman, agar u kishilar bilan tanish bo‘lganimda to‘g‘risini aytardim. Buning nimasi yomon? Menimcha, Xusnullin - Moskva ko‘rkini ko‘rsata olgan  ishchan inson». «Kemesh-Chishme»ni qandaydir F.F.Zaripov boshqaradi, sheriklari esa - familiyalari ko‘rsatilmagan besh Rossiya fuqarosi va bir xorijlik, biroq Kabayevning izi ham yo‘q. 2017 yilning may oyidan Kabayev «Stroitelnaya kompaniya» MChJning 20 foiziga egalik qiladi (qolgani Yelena Rahimova va Azat Yusupovga tegishli), biroq bu kompaniyaning 2016 yildagi daromadi atigi 3,8 million rublni tashkil qilgan.

Qozondagi Rossiya musulmon ishbilarmonlar assotsiatsiyasiga rahbarlik qilishni Kabayevga Tatariston muftiysi Kamil Samigullin taklif qilgan. «U vaqtlar men «Rubin»da murabbiy-seleksioner bo‘lib ishlaganman, - deya xotirlaydi Kabayev. - Assotsiatsiyani boshqarishni ko‘p odamlarga taklif qilishgan, biroq ular rozi bo‘lishmagan, voz kechishgan, dastavval men ham xohlamadim, zero sport va jamoatchilikdagi faoliyatni qanday uyg‘unlashtirishni bilmasdim. Biz muftiy bilan shaxsan tanishmiz, munosabatlarimiz ishonchli bo‘lgan, shu bois u yordamchilari orqali emas, shaxsan o‘zi mendan iltimos qilgan. Bu vaqtga kelib mening do‘stim Qurbon Berdiyev (jamoa bosh murabbiyi) «Rubin»dan ketdi va men bir o‘zim qolgandim. O‘ylab ko‘rdim va oxir-oqibat jamoatchilik ishi meni o‘ziga jalb etdi. 

Tez orada assotsiatsiya maqsadlari global miqyosda ekani ayon bo‘ldi va 2016 yilning mayida uning shtab-kvartirasini Moskvaga ko‘chirishdi. «Hamfikr odamlar inshoot berib, bu yerni ta'mirdan chiqarishdi, shuning uchun hech qanday ijara to‘lovi talab qilinmaydi, - deydi Kabayev. - Biz avvalboshdanoq a'zolik kirimlaridan voz kechdik, lekin qonun bo‘yicha ularni undirolmasligimiz sabab ramziy to‘lovlarni joriy qildik: assotsiatsiyaga qo‘shilish uchun - 200 rubl va oyiga 100 rubldan. Agar biror yerga chiqishga to‘g‘ri kelsa, qabul qiluvchi tomon bizni transport bilan ta'minlaydi, joylashtiradi va hokazo».

Hozirda assotsiatsiya xalqaro mavqega ega va Kabayev boshqa mamlakatlarda - Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘istonda ilk vakolatxonalari ochilganidan faxrlanadi. Rossiyadagi tarmoq kengaymoqda - mamlakatning 31 mintaqasida vakolatxona bor. Xorijiy ishtirokchilardan BAAning LOOTAH Group, «Turkiyaning qator ishbilarmonlari»ni qayd etdi, biroq ularning ismini oshkor qilmadi. Assotsiatsiya yaqin orada islom bankingi muhokamasi rivoji uchun Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda forum o‘tkazishni rejalashtirmoqda. 

Foto: RIA «Novosti»

Marat Kabayev o‘zining u yoki bu mamlakat rahbariyatining oliy doiralariga kirishini inkor qiladi, masalan, Tataristonning sobiq prezidenti Mintimir Shaymiyevning yordamini ham. U qizi Alinaning lobbistik salohiyatidan foydalanadimi yoki yo‘q? «Yo‘q, aslo. Boshida ba'zi odamlar «Otasiga boramiz va u barchasini hal qiladi» deb o‘ylashardi. Assotsiatsiya endi tashkil qilinayotgan paytdayoq qizimni jalb qilishga doir takliflarga mutlaqo «yo‘q» javobini berganman. Men ota va qiz o‘rtasidagi normal munosabatlarni saqlab qolishni istayman, bu men uchun eng asosiysi».

O‘zbek futbolining taniqli namoyondalaridan bo‘lgan Marat Kabayev 1961 yili Surxondaryo viloyati, Uzun tumanida dunyoga kelgan. U dastlab Termizning «Avtomobilist» jamoasida to‘p surgan, keyinroq «Paxtakor» futbolchisiga aylangan. Futbolchilik faoliyatini 1997 yili Samarqandning «Dinamo» klubida yakunlagan. Murabbiylik faoliyatida «Traktor», «Olmaliq», «Qizilqum» klublarida ishlagan, 2009-2010 yillarda O‘zbekiston yoshlar termasini boshqargan. 2016 yilgacha Rossiya Federatsiyasi Musulmon ishbilarmonlar assotsiatsiyasi prezidenti, 2017 yil fevralidan Xalqaro islom biznesi assotsiatsiyasiga rahbarlik qilib kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: