Britaniya Alina Kabayeva va Putinning jiyanlariga qarshi sanksiya e’lon qildi

Jahon 09:49 / 15.05.2022 34538

Britaniya hukumatining Rossiyaga qarshi bu galgi sanksiyalari Putinning sobiq rafiqasi Lyudmila Putinaga ham qaratilgan. Shuningdek, Putin bilan yaqin aloqada bo‘lgani aytilgan yana 10 kishi qirollik sanksiyalariga uchragan. Wall Street Journal'ning yozishicha, AQShda ham Kabayevaga qarshi sanksiya qo‘llash rejasi bo‘lgan, ammo Oq uy Putinning «jig‘iga tegmaslik uchun» bu sanksiyadan tiyilgan.

Aynan WSJ Alina Kabayeva Putindan uch nafar farzand ko‘rgani haqida yozgan. Kabayevaning Putin bilan munosabatlari haqida bir necha yildan buyon gapirishadi, ammo u ilk marta sanksiyaga uchradi.

Kabayeva 2014 yildan buyon rasman «Milliy media guruh» direktorlar kengashi raisi hisoblanadi. Bir necha mashhur telekanallar egasi bo‘lgan bu tashkilot «Birinchi kanal»ning ham hissadori. Britaniya hukumati Alina Kabayeva Putin bilan yaqin munosabatda, deb hisoblaydi. WSJ nashri esa Putin va Kabayevaning birgalikda kamida uch nafar farzandi borligi haqida yozgandi.

Foto: GETTY IMAGES

Ammo Kabayeva sanksiyaga uchraganiga to‘g‘ridan to‘g‘ri Putinning xotini ekani sabab qilib ko‘rsatilmagan, rasmiy sabab diplomatchasiga silliqlangan: Kabayeva rasman «Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganini oqlashda faol qatnashgani uchun» sanksiyaga uchragan. Hujjatga ko‘ra Kabayeva «Milliy media guruh» orqali Ukraina mustaqilligiga tahdid solayotgan siyosatni olqishlab keladi.

WSJ'ning yozishicha, AQSh ham boshida Kabayevaga qarshi sanksiya qo‘llash variantini ko‘rib chiqqan, ammo «Putinning jig‘iga tegmaslik uchun» bu band oxirgi daqiqalarda sanksiyalardan olib tashlangan. Yevropa ittifoqida ham Kabayevaga qarshi sanksiya haqida gapirishgan, ammo neft embargosi borasida kelishmovchilik sabab ittifoq hali sanksiyalarning oltinchi paketini joriy qilgani yo‘q.

Britaniya TIV ma’lumotiga ko‘ra, Alina Kabayevaning buvisi o‘laroq sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan Anna Zatsepilinaga Putinning do‘sti bo‘lmish Gennediy Timchenko tomonidan Moskva shahrida qimmatbaho kvartira sovg‘a qilingan. Shuningdek, Putinga yaqin bo‘lgan milliarderlardan biri Kabayevaning buvisiga Moskva yaqinida qimmatbaho hovli sovg‘a qilgani aytiladi. 45 sotix hovli maydonining o‘zi 102 million rublga baholangan.

Putinning sobiq va rasman yagona rafiqasi Lyudmila Putina ham sanksiyaga uchragan. U hozirgi eri sharafiga familiyasini Ocheretnaya deb o‘zgartirgan. 2013 yil Putin bilan ajrashgan sobiq birinchi xonim keyinchalik Artur Ocheretnoyga turmushga chiqqan. Britaniya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, Lyudmila Ocheretnaya Putin bilan ajrashganidan keyin hukumat tuzilmalari bilan hamkorlik ortidan pul ishlagan. Sanksiyalar e’lon qilingan hujjatda sobiq birinchi xonimga «Ukrainadagi holatni izdan chiqargan odamga aloqasi bor» deya ta’rif berilgan.

Putinning sobiq xotinidan ikki nafar qizi bor. AQSh Moliya vazirligi 6 aprel kuni Katerina Tixonova hamda Mariya Voronsovaga qarshi sanksiya qo‘llagandi. Aynan shu ikki ayol Putinning qizlari ekani aytiladi. Rasmiy Moskva bu ma’lumotlarni tasdiqlamagani kabi inkor ham etmagan.

«Putinning dabdabali ro‘zg‘orini ta’minlaydigan yashirin tizim»

Britaniya e’lon qilgan sanksiya ro‘yxatida Alina Kabayevaning buvisi Anna Zatsepilina, Putinning sobiq xotini Lyudmila Putina (hozirda Ocheretnaya), Rossiya prezidentining amakivachchasi Igor Putin, uning o‘g‘li Roman Putin, Putinning yana bir jiyani Mixail Putinni uchratish mumkin. Shuningdek, «Gazfond» pensiya fondi rahbari Yuriy Shamalovni ham. Britaniya tashqi ishlar vaziri bu insonni Putinning sobiq kuyovi Kirill Shamalovning ukasi deb ataydi. Kirill Shamalov 24 fevraldayoq Britaniya sanksiyalariga uchragan.

«Yuriy Shamalov Putinga yaqin bo‘lgan odamlar farzandlarining yangi elit davrasiga qo‘shilgach, qisqa muddatda «Gazfond» rahbari va «Gazprombank» direktorlar kengashi a’zoligigacha chiqib bordi», deyiladi sanksiyalar e’lon qilingan hujjatda.

Sanksiyalar ro‘yxatida Vladimir Kolbin nomini ham uchratish mumkin. U Putinning do‘sti ekani aytiladigan Pyotr Kolbinning o‘g‘li hisoblanadi. Pyotr Kolbin esa Gelenjikdagi dengiz porti egasi. Sanksiyaga uchragan Viktor Xmarin peterburglik huquqshunos va tadbirkor. U xotini tomondan Putinning qarindoshi hisoblanadi. OAVda Xmarin Putinning kursdoshi ekani haqida ham yozishgan.

Britaniya «qora ro‘yxati»dagi Mixail Shelomov Putinning amakivachchasi. Sanksiyalar e’lon qilingan hujjatda yozilishicha, Putinniki ekani aytiladigan Gelenjikdagi saroyning rasmiy egasi «Binom» MChJda aynan Shelomovga tegishli «Aksent» MChJ xodimlari ishlagan. «Sanksiyalar Putinning shohona hayotini ta’minlaydigan tizimga qaratilgan», deydi Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass.

«Putinning rasmiy boyliklari haminqadar oddiy. Uning shohona hayoti yaqin do‘stlari, qarindoshlari va do‘stlari tomonidan moliyalashtiriladi. Putin bolalikdagi do‘stlari, yaqin qarindoshlari va uning hisobiga boyib, dabdabali hayotini ta’minlaydigan maxsus elit qatlamdagilarga suyanadi. Evaziga bu odamlar davlatning madadiga tayanishadi», deyiladi Britaniya TIV bayonotida.

Putinning sanksiyaga uchragan amakivachchasi Igor Putin «Xalqaro «Pechenga» dengiz porti» MChJ rahbari bo‘lib, transport sohasida faoliyat yuritadigan bu korxona Rossiya hukumati uchun strategik ahamiyatga egaligi aytilgan. Igor Putinning o‘g‘li Roman Putin «Putin Konsalting» MChJga asos solgan va u Rossiya prezidenti bilan aloqalari, bu munosabatlar uning korxonasi Rossiyadagi xorijiy investorlarga yordam berishda qo‘l kelishini yashirmaydi. Sanksiyada aynan mana shu fakt e’tiborga olingan.

Ro‘yxatdagi Mixail Putin ham Rossiya prezidentining jiyani bo‘lib, «Sogaz» sug‘urta kompaniyasi rahbarining o‘rinbosari hisoblanadi. Hujjatda u ham Rossiya uchun strategik ahamiyatdagi sohada faoliyat olib borishi va «Gazprom»ga aloqasi borligi aytilgan.

Ko‘proq yangiliklar: