Bugun O‘zbekistonda demografik o‘sish hamda mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi sabab ko‘mir yoqilg‘isiga bo‘lgan talab tobora oshib bormoqda. 2017 yilda respublikada ko‘mir mahsulotiga bo‘lgan talab 4,8 mln tonnani tashkil etgan va bu ehtiyoj to‘liq qoplangan edi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi axborot xizmati.
Ko‘mir tarmog‘i korxonalarini barqaror va muvozanatli taraqqiy ettirish, ustuvor investitsiya loyihalarini tezlashtirilgan holda amalga oshirish, ko‘mir va ko‘mir mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmini oshirishni ta'minlash maqsadida, iqtisodiy sektor, ijtimoiy soha tarmoqlari va aholining kelgusidagi talablari inobatga olingan 2017-2021 yillarda ko‘mir sanoatini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi tasdiqlangan.
Rivojlantirish dasturi tarmoqni modernizatsiyalash orqali uning mavjud imkoniyatlarini oshirish bilan birga, yangi qurilishni ham o‘z ichiga olgan. Mazkur dasturga binoan, 2021 yilga kelib O‘zbekistonda ko‘mir qazib olish hajmi 2017 yildagi 4,0 mln tonnaga nisbatan 11,1 mln tonnani tashkil qiladi.