Yunusobod tumanining 6-mavzesida Toshkent issiqlik markazining buyurtmasi bilan gaz porshenli kogeneratsion elektr stansiyasi qurilmoqda. Qurilish ishlari fonida u yerda tadbirkor tomonidan barpo etilgan 800 ta daraxtga ega kichik bog‘ yo‘q qilindi. Kun.uz'ga ma’lum qilinishicha, tabiatga yetkazilgan zarar qariyb 944 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Toshkent shahrining Yunusobod tumani 6-mavze 48-uy, “ Active Asia Gold” MChJ binosi orqasidagi 800 dona mevali va manzarali daraxtlar elektr stansiyasi qurilishi vaji bilan yo‘q qilingani aytilmoqda.
“Daraxtlarni ezib, sindirib ustiga vahshiylarcha tuproqlar solib, tashlab yuborishgan”
Bog‘ni barpo qilgan MChJ rahbariga ko‘ra, daraxtlar 4 yillik bo‘lib, endi mevaga kira boshlagan. Ammo 2 kun ichida hech qanday ogohlantirishsiz hammasini tezda, yashirincha tekislab tashlashgan.
“2020 yilda biz bu yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganimizda tashlandiq yer edi, axlatxona, uysizlar yotadigan [joy edi]. Keyin shularni bir tozalasak deb Yunusobod tumani hokimiyatiga chiqdim, murojaatimizni ko‘rib chiqib, “obodonlashtirish qilinglar, daraxt ekinglar” deb ruxsat berishdi.
Shundan keyin biz hamma chiqindilarni tozalab, 800 ta mevali va manzarali ko‘chatlar, daraxtlarni ekdik. 4 yilda daraxtlar mevaga kirdi, har oy dorilarini, agronomlarini olib kelib, ariqlar qil[gan]dik. Lekin o‘tgan kuni kechasi kutilmaganda texnikalarni qo‘yib yuborib, daraxtlarning hammasini sindirib, payxon qilib tashlashdi”, – deydi shaxsini ochiqlashni istamagan tadbirkor.
Uning qo‘shimcha qilishicha, shu yil 7 may sanasida Toshkent issiqlik markazi MChJ tomonidan “Active Asia Gold” firmasiga xat chiqarilgan. Unga ko‘ra, hukumatning tegishli topshirig‘i asosida Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazining shimoliy hududida 100 MVt bo‘lgan gaz porshenli kogeneratsion elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Shu asosda markaz MChJdan joydagi obektlarni ko‘chirish va olish bo‘yicha choralarni ko‘rishni so‘ragan.
Bunga javoban MChJ mavjud infratuzilmani ko‘chirish vakolati jamiyatga tegishli emasligini, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga murojaat qilishini bildirgan.
“Ular [Toshkent issiqlik markazi MChJ] bilan oldin xat yozishmalari bo‘ldi, “ko‘chatlarni ko‘chiringlar, bu yerda qurilish qilamiz”, deyishganda biz rasmiy xat yubordik: “bizning vakolatimizga kirmaydi, bunga boshqa tashkilotlar javob beradi, ularga murojaat qilinglar”, deb aytganmiz. “Qarormi, qo‘linglarda nima bor qurilish qilishga?” deb so‘rasam, “hozircha hech narsasimiz yo‘q, chiqqanda ko‘rsatamiz”, deyishgandi.
Ungacha bu daraxtlarga tegmasligini, jinoyat bo‘lishini aytdim, moratoriyni eslatdim, yashil makon umummilliy dasturi doirasida ekilganini tushuntirdim. Shunga qaramay, hech kimni ogohlantirmasdan, hamma ko‘chatlarni olib, shu ahvolga keltirishdi”, – deydi tadbirkor.
Ayni bog‘ning barpo qilinishida bosh bo‘lgan va ko‘chatlarni parvarishlab kelgan MChJ ishchisining aytishicha, voqea 7-8 oktyabr sanasi tungi va sahargi soatlarda noma’lum shaxslar tomonidan sodir etilgan.
“Mevalar mana shu traktorlardan baland bo‘lib o‘sib turgan holatda [ularni] ezib, sindirib, ustiga vahshiylarcha tuproqlar solib, tashlab yuborishgan. Bu yerga qilingan mehnat, qancha bog‘, [qozonxona]dan chiqadigan chiqindi (zaharli gaz) qishda kelsanglar, yerga qarasangiz, qorayib ketadi. Yerning atrofidagi changni ko‘rsanglar, oppoq qorning usti qop-qora bo‘lib qoladi. Mana shu yerda shamol bo‘lardi, ancha yaxshi bo‘lib qolgandi. Mahalladagilar ham afsus bilan aytishmoqda.
Ertalab kelsak, xarob ahvolga olib kelib tashlashgan. Ko‘chatning bittasini ham sog‘ qoldirishmagan. U bu yerga olib borib ekish maqsadida emas-da, mevasi bilan olib sindirib, ezib, ustiga axlat solishgan. Ko‘rsangiz, chidash qiyin”, – deydi u.
Kun.uz holat yuzasidan “Toshkent issiqlik markazi” 4-issiqlik markazi qozonxonasi rahbari Mirshukur Mirahmedov bilan bog‘landi. U hozirda hududda gaz porshenli kogeneratsion elektr stansiyasi qurilishi boshlanganini tasdiqladi. Ammo joydagi bog‘ yo‘q qilinganidan bexabarligini, hozirda o‘qishda ekanini ma’lum qildi.
Tabiatga 944 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan – Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi
Tahririyatning Ekologiya vazirligiga yuborgan so‘rovidan so‘ng vazirlikning Toshkent shahar boshqarmasi inspektorlari tomonidan holat o‘rganilgan va dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Unga ko‘ra, “Active Asia Gold” tomonidan ekilgan 400 tup olma, 60 tup anor, 190 tup pavloniya, 40 tup katalpa, 30 tup olcha, 50 tup gilos, 15 tup behi, 15 tup yong‘oq ko‘chatlari yashil makon platformasiga kiritilgan. Joydagi qurilish ishlari jarayonida ushbu 800 ta ko‘chat ildiz qismi bilan yo‘q qilingani, bu bilan esa tabiatga 943 mln 125 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, respublikada davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga qarshi moratoriy joriy etilgan bo‘lib, daraxtlarni tegishli ruxsatlarsiz kesish qat’iyan man etiladi. Bu kabi huquqbuzarliklar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi,
Tasvirchi Nuriddin Nursaidov.