Yangi issiqlik elektr stansiyalarini qurish qanchaga tushadi? MDH tajribasi

Iqtisodiyot 11:01 / 31.01.2018 21120

Bishkek IESini modernizatsiya qilish haqidagi bitimni imzolar ekan, Qirg‘izistonning o‘sha vaqtdagi energetika vaziri, ayni paytda parlament deputati Osmonbek Ortiqboyev «biz yangi issiqlik uzatish markazini qurayapmiz», deb ishontirgan, faqat «qariyb», deb qo‘shimcha ham qilgan edi, deb yozadi 24.kg.

Mustahkam IESni qurishni esa uddalasholmagan bo‘lib chiqdi. 2018 yilning qahraton qishida eski qozonxonalar ishdan chiqdi, yangi uskunalar esa zo‘riqishni ko‘tara olmadi. Faqat kecha kechga borib bishkekliklar uyiga iliqlik yugura boshladi.

Bishkek IESi modernizatsiyasi

Yangi bloklarni barpo etish uchun 8 ta eski qozonxona va 4 ta turboagregat buzib tashlandi. Ilgari ularning quvvati 175 MVt edi, yangi ikkita qozonxona agregati va ikkita turboagregat o‘rnatilganidan so‘ng quvvat 300 MVtgacha oshdi.

Osmonbek Ortiqboyevning jimjimador imzosi bilan qurilish ishlari Xitoyning TVeA kompaniyasiga qo‘shqo‘llab topshirildi. Xitoyning Eksimbanki Qirg‘izistonga buning uchun 386 million dollar kredit ajratdi.

Qurilish kapsulasi 2015 yilning 2 noyabrida joylandi, ochilish marosimi 2017 yilning 30 avgustida bo‘lib o‘tdi.

Hisob palatasining ma'lumotlariga ko‘ra, uskunalarning narxi 164,6 million dollar, qurilish ishlari — 66,7 million dollar, montaj va ishga tushirish ishlari 64,2 million dollarga tushgan.

Ma'muriy xarajatlar uchun yana 19,2 million dollar sarflangan, personal va mexanizmlar transportirovkasi uchun esa 12,4 million. 2015 yil oxiriga kelib pudratchiga 280,38 million (umumiy shartnomaning 72,6 foizi) to‘lab berilgan.

TBEA yana o‘z hisobidan 20,3 million dollar beminnat yordam ko‘rsatgan. 

Yerevanning yangi IESi

2017 yilning boshida Armaniston poytaxti Yerevanda yangi IES qurish uchun kapsula joylashtirildi. Eskisini modernizatsiya yoki ta'mirlash uchun emas, aynan noldan yangisini barpo etish uchun.

Qurilish rejasiga ko‘ra 250 MVt quvvatga ega, gazda ishlovchi kombinatsiyalashgan siklga ega elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Italiyaning Renco kompaniyasi yangi blokni 285 million dollarga baholagan. Pudratchining ishontirishicha, qurilish ishlari 26 oy davom etadi va 2019 yilning ikkinchi yarmida yakunlanadi.

Dushanbedagi IES-2

Xitoyning TVeA kompaniyasi Dushanbeda yangi IES barpo etgan edi. Uning 100MVtlik birinchi navbati 2012 yilning noyabrida boshlanib, 2014 yilda yakunlangan edi. Oradan bir yil o‘tib, pudratchi 300 MVtlik ikkinchi navbat qurilishini boshladi. Qurilish ishlari 17 oyda yakunlandi.

Loyihaning umumiy qiymati 349 million dollarni tashkil etadi va uning 17,4 million dollari Tojikiston hukumatining ulushidir.

Garchi Tojikiston hukumati qoshidagi atrof-muhit muhofazasi qo‘mitasining davlat ekologik ekspertizasi ko‘plab me'yorlardan chetlashayotganligi tufayli IES-2 loyihasini ma'qullamagan bo‘lsa-da, energetika sanoati vazirligi unga ruxsat bergan.

Obekt juda noqulay joylashgan va «shamol atirguli» hisobga olinmagan. Ekologlar bir necha yildan so‘ng Dushanbe shaxtyorlar shaharchasiga aylanib qolishidan xavotirda.

Brestdagi IES

Italiyaning Ansaldo Energia kompaniyasi 500 million dollar evaziga Brestda IES qurishni mo‘ljallayotgan edi. 2012 yilning mayida belaruslik mulozimlar tantanavor ravishda qurilish maydoniga kapsula ham ko‘mishdi.

Loyihaga ko‘ra, yangi IES 400 MVt energetik quvvatga ega ikki turbinadan iborat bo‘lishi kerak edi. Italiya kompaniyasi obekt qurilishini «kalitigacha» topshirishni kafolatlayotgan edi. Biroq issiqlik manbai qurilmay qolib ketdi.

Farg‘ona IESi modernizatsiyasi

2017 yil aprelida Yaponiyaning Kawasaki Heavy Industries va Marubeni Utilite Services kompaniyalari Farg‘ona IESi modernizatsiyasiga kirishishdi.

83,6 million AQSh dollari qiymatiga teng modernizatsiya ishlarini moliyalashtirish Yaponiyaning yangi energetika va sanoat texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha tashkilotining 49,5 million dollarlik grantlari va O‘zbekiston tomonining mablag‘lari evaziga amalga oshirilayotgan edi.

Farg‘ona IESi 1978 yilda foydalanishga topshirilgan. O‘rnatilgan quvvati 305 MVt, 560 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Modernizatsiya loyihasiga ko‘ra, qo‘shimcha 57,7 MVt quvvatga ega, issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi gaz turbina qurilmasini qurish, qozonxonani qayta ta'mirlash nazarda tutilgan. 

To‘raqo‘rg‘on IES

Yaponiyaning Mitsubishi kompaniyasi O‘zbekistonning Namangan viloyatida To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini qurib beradi.

Qurilish ishlari bo‘yicha hamkor sifatida Turkiyaning Calik Enerji Sanayi ve Ticaret AS shirkati ham qatnashmoqda. Mitsubishi Corporation 450 MVtli ikkita bug‘-gazli qurilmaga ega elektr stansiyasini qurish bo‘yicha «O‘zbekenergo» tenderini yutib olgan.

1,1 milliard dollarlik loyihani moliyalashtirish Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ning 704 million dollarlik qarzi, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot fondining 300 million dollar mablag‘i va «O‘zbekenergo»ning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
 

Ko‘proq yangiliklar: