2017 yil davomida naqd pul muomalasi mamlakat iqtisodiyotida, shu jumladan pul-kredit sohasida amalga oshirilgan islohotlar ta'sirida o‘zgarib bordi, deb xabar bermoqda Markaziy bank axborot xizmati.
Qayd etilishicha, 2017 yilning birinchi yarmi davomida tijorat banklari kassalaridan naqd pul chiqimlarining umumiy hajmi bank kassalariga kelib tushgan naqd pul miqdoriga nisbatan sezilarli darajada ko‘proq bo‘ldi.
Xususan, yanvar-iyun oylari davomida bank kassalariga 11,8 trln. so‘m naqd pul tushgan bo‘lsa, bank kassalaridan amalga oshirilgan chiqim 17,1 trln. so‘mni tashkil etdi. Natijada, muomaladagi naqd pullar miqdori yil boshiga nisbatan 5,3 trln. so‘mga oshib, 2017 yilning 1 iyul holatiga 18,6 trln. so‘mni tashkil etdi.
O‘tgan yil iyul-dekabr oylarida bank kassalariga 27,7 trln. so‘m naqd pul tushgan bo‘lsa, bank kassalaridan amalga oshirilgan chiqim 28,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Natijada, iyul-dekabr oylarida muomaladagi naqd pullar miqdori 0,9 trln. so‘mga oshishi kuzatilib, bunday o‘sish sentabr-dekabr oylari davomida aholidan naqd valyutani sotib olish va paxta yig‘im-terim mavsumi bilan bog‘liq xarajatlar hamda ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalarni oshirilishi natijasida qo‘shimcha 8,5 trln. so‘m miqdoridagi naqd pulga bo‘lgan talabning yuzaga kelishi bilan izohlanadi.
O‘tgan 2017 yilda bank kassalariga tushgan naqd pullar hajmi 39,5 trln. so‘mni tashkil etdi. Ushbu davrda jami naqd pul tushumlarida tovarlarni sotishdan tushum ulushi 47% (18,7 trln. so‘m), pullik xizmat ko‘rsatish sohasidan tushum – 15% (5,9 trln. so‘m), aholining bank omonatlariga joylashtirgan pullari – 14% (5,6 trln. so‘m), soliqlar va boshqa majburiy yig‘imlar – 11% (4,2 trln. so‘m), boshqa sohalardan tushum – 13% (5,1 trln. so‘m)ni tashkil etdi.
Iyul-dekabr oylarida bank kassalariga 27,7 trln. so‘m tushib, yanvar-iyun oylariga nisbatan 15,9 trln. so‘m yoki 2,3 martaga ko‘paydi. Shundan, tovarlarni sotishdan tushgan naqd pullar hajmi 7,8 trln. so‘m yoki 2,4 barobar, pullik xizmat ko‘rsatish sohasidan 2,4 trln. so‘m yoki 2,4 barobar, aholining bank omonatlariga topshirgan pullari 800 mlrd. so‘m yoki 1,3 barobar, soliqlar va boshqa majburiy yig‘imlar 2,5 trln. so‘m yoki qariyb 4 barobar va boshqa sohalardan tushumlar 2,4 trln. so‘m yoki 2,9 barobarga oshgan.
2017 yilda jami naqd pul tushumida Toshkent shahrining ulushi 36%, Samarqand 10%, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida 8%, Andijon, Namangan va Xorazm viloyatlarida 5%, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 4%, Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3%, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 2% ni tashkil etdi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yanvar-iyun oylarida bank kassalariga oyiga o‘rtacha 187 mlrd. so‘m naqd pul topshirilgan bo‘lsa, shundan 43 mlrd.so‘mi (23%) qaytarib olingan. Sentyabr oyidan boshlab yakka tadbirkorlarning bank kassalaridan olayotgan naqd pullari hajmi o‘zgarmagan holda topshirilgan naqd pullari oyiga o‘rtacha 329,3 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Bu yanvar-iyun oylarida o‘rtacha bir oyga nisbatan 142 mlrd. so‘mga (76%) oshdi.
Shuningdek, 2017 yil yanvar-iyun oylarida aholi tomonidan banklarga oyiga o‘rtacha 350 mlrd. so‘m miqdoridagi naqd pullar omonatlarga qo‘yilgan bo‘lib, uning 212 mlrd. so‘mi (61%) shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda qaytarib olingan va 138 mlrd. so‘mi bank hisobvaraqlarida qolgan. Oktyabr-dekabr oylarida esa oyiga o‘rtacha 562 mlrd.so‘m miqdorida naqd pullar topshirilgan bo‘lib, shundan 246 mlrd.so‘mi (44%) qaytarib olingan va 316 mlrd. so‘mi bank hisobvaraqlarida qolgan.
O‘tgan yilning iyul-dekabr oylarida pullik xizmat ko‘rsatish sohasidan tushgan naqd pullar 4,1 trln. so‘mni tashkil etdi. Bu yanvar-iyun oylariga nisbatan 1,4 marta (2,7 trln.so‘m)ga ko‘paydi. Shundan, energiya resurslari, suv ta'minotini yetkazib berish va iste'mol qilish, to‘lov intizomini mustahkamlash borasidagi olib borilayotgan ishlar ushbu sohadan tushgan naqd pullar hajmi oshishini ta'minlamoqda.
Ta'kidlanishicha, iqtisodiyotda naqd pullarning aylanishi va ularning o‘zgarishi hududlardagi xizmat ko‘rsatish sektorining qay darajada tashkil etilgani bilan bog‘liqdir.