Statistika ma'lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2017 yil yanvar-noyabr oylarida chakana tovar aylanma (umumiy ovqatlanish bilan birga) 95,7 trln. so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar bermoqda.
Toshkent shahrida tovar aylanmalari hajmining yuqoriligi (jami tovar aylanmadagi ulushi 22,3%) yirik savdo majmualari, shuningdek, ulgurji savdo bozorlarining mavjudligi hisobiga naqd pullarning Toshkent shahridagi banklarga migratsiyasini kuchaytirmoqda.
Xo‘jalik sub'yektlari tomonidan tovarlarni sotishdan tushgan tushum pullarini bank hisob varaqlariga topshirilishi pul mablag‘larini banklar orqali aylanishini va iqtisodiyotda hisob-kitoblarni shaffofligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Tahlillarga ko‘ra, 2017 yil yanvar-noyabr oylarida savdo sohasidan bank tizimiga kelib tushgan pullar (45,6 trln. so‘m) chakana tovar aylanmaning 48% ini tashkil etib, chakana tovar aylanmaning qolgan qismi uyushmagan savdo (dehqon, buyum bozorlari va boshqalar) oborotiga to‘g‘ri kelmoqda.
Qayd etilishicha, valyuta bozorini erkinlashtirilishi savdo sohasidagi sub'yektlarning ishlab chiqaruvchilardan tovarlarni naqd pulsiz tartibda sotib olishdagi imkoniyatlarini kengaytirib, ularning savdo aylanmalarining real holatini aks ettirilishini va oqibatda tushumlarining bank tizimiga kelib tushishini ko‘payishini ta'minlayapti.
Jami chakana tovar aylanma yanvar-avgust oylarida oyiga o‘rtacha 8,5 trln. so‘mni tashkil etib, uning 3,9 trln. so‘mi (46%) bank hisobvaraqlariga kelib tushgan bo‘lsa, noyabr oyiga kelib chakana tovar aylanmaning 5,2 trln.so‘mi (53%) bank hisob varaqlariga kelib tushgan.