Soliq monitoringi kimlar uchun ko‘zda tutilgan va qanday o‘tkaziladi?

Iqtisodiyot 16:14 / 17.01.2018 16463

30.12.2017 yildagi O‘RQ-455-son Qonun bilan 1.01.2018 yildan boshlab soliq nazoratining yangi shakli joriy etildi, deb yozmoqda Norma.uz.
  
Soliq monitoringi degani nima?
 
Soliq monitoringi – SKning 67-moddasida nazarda tutilgan boshqa shakllar bilan  bir qatorda soliq nazorati shakllaridan biri hisoblanadi. U davlat soliq xizmati organlari (bundan keyin - DSXO) va insofli soliq to‘lovchilar o‘rtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini ko‘zda tutadi.
 
Ushbu ma'lumotlar almashinuvi Davlat soliq qo‘mitasi (bundan keyin - DSQ) tomonidan tasdiqlanadigan maxsus reglamentga asosan amalga oshiriladi.
 
Ma'lumot uchun: Loyihada soliq to‘lovchi soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza bilan birga DSXO bilan kelishiladigan reglament loyihasini o‘zi taqdim etishi nazarda tutilgandi. Bu g‘oyadan voz kechildi.
 
Soliq to‘lovchilar uchun soliq monitoringini o‘tkazish – ixtiyoriy qaror.
 
Kengaytirilgan axborot almashinuvi o‘rniga soliq to‘lovchi 3 afzallikka ega bo‘ladi:
 
• DSXO soliq solishning joriy masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatadi;
• soliq monitoringi bilan qamrab olingan davr uchun kameral nazorat o‘tkazilmaydi (bundan soliq monitoringi muddatidan ilgari tugatilgan hollar mustasno);
• soliq monitoringi bilan qamrab olingan davr uchun moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish ham o‘tkazilmaydi (bundan soliq monitoringi muddatidan ilgari tugatilgan hollar mustasno).
 
Kim soliq monitoringiga “o‘tishga” haqli
 
Yangi davlat xizmatidan hamma soliq to‘lovchilar ham foydalana olishmaydi. Buning uchun o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish joriy yilning 1 yanvar holatiga EKIHning 70 000 baravaridan (bugungi kunda bu 12 mlrd 56 mln 800 ming so‘m) ortiqni tashkil etishi kerak.
 
Ma'lumot uchun: Qonun loyihasida mikrofirmalar va kichik korxonalar soliq monitoringiga “o‘tishlari” mumkin emasligi ko‘rsatilgan edi. Hujjatning e'lon qilingan tahririda bu cheklov olib tashlandi. Bundan tashqari, oborot miqdoriga bo‘lgan 10 mlrd so‘mlik talab EKIHning 70 000 bavarariga almashtirildi.
 
Soliq to‘lovchi tomonidan keyingi yilda soliq monitoringida ishtirok etish to‘g‘risidagi ariza soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi DSXOga joriy yilning 1 iyulidan kechiktirmasdan yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda taqdim etiladi. Ariza shakli DSQ tomonidan tasdiqlanadi.
 
DSXO bir oy muddatda (ya'ni 1 avgustdan kechiktirmay) quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

• soliq monitoringini amalga oshirish;
• soliq monitoringini amalga oshirishni rad etish.
 
Rad etish uchun asoslar:

• soliq to‘lovchi tomonidan ariza o‘z vaqtida taqdim etilmaganligi (1 iyuldan keyin);
• soliq to‘lovchi tomonidan ariza belgilanmagan shaklda (DSQ tomonidan tasdiqlangan shakldan farq qiladi) taqdim etilganligi;
• reglament talablariga rioya etilmaganligi.
 
Ma'lumot uchun: Qonun loyihasida arizani ko‘rib chiqish uchun DSXOga 1 oktabrgacha bo‘lgan muddat, ya'ni kamida 4 oy ajratilgan edi. U bir oygacha qisqartirildi. Shuningdek rad etish uchun asoslar ham o‘zgartirildi.
 
Soliq monitoringi qanday o‘tkaziladi
 
Soliq monitoringi 1 yanvardan 31 dekabrga qadar bo‘lgan butun moliya yilini qamrab oladi. Bu soliq monitoringining davri hisoblanadi. Biroq DSXO soliq monitoringi bo‘yicha ishlarni amalda mazkur moliya yilining 1 yanvaridan keyingi moliya yilining 1 iyuniga qadar o‘tkazadi. Shu tariqa, soliq to‘lovchi yana yarim yil reglamentning barcha talablariga rioya qilishiga to‘g‘ri keladi.
 
DSXO soliq to‘lovchidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi bilan bog‘liq zarur hujjatlar, ma'lumotlar, tushuntirishlarni talab qilib olish huquqini oladi. Talab qilib olinadigan hujjatlar, ma'lumotlar va tushuntirishlar yozma shaklda (shu jumladan elektron shaklda) 10 kun ichida taqdim etiladi.
 
Ularni taqdim etish imkoniyati mavjud bo‘lmagan taqdirda, soliq to‘lovchi bu haqda sabablarini ko‘rsatgan holda tegishli DSXOni talabnomani olgan kundan e'tiboran 3 kunlik muddatda xabardor qiladi. Ya'ni hujjatlarni taqdim etish imkoniyati mavjud emasligi to‘g‘risida DSXOga xabar berish uchun 10 kun kutishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
 
DSXO hujjatlarni o‘rganib, qonunbuzarliklarni aniqlagan holda soliq to‘lovchiga asoslantirilgan fikrni yuboradi. Bundan tashqari, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi borasida soliq to‘lovchida shubhalar mavjud bo‘lganda, u DSXOning asoslantirilgan fikrini olish to‘g‘risida so‘rov bilan murojaat qilishi mumkin (so‘rovda o‘zining pozitsiyasini aks ettirish ham talab etiladi).
 
Soliq to‘lovchining so‘rovi bo‘yicha asoslantirilgan fikrni tayyorlash va yuborish muddati – bir oy. Loyihada soliq to‘lovchi so‘roviga javobni tayyorlashga bir oygacha uzaytirish imkoniyati bilan 10 kun, uni jo‘natishga qo‘shimcha 3 kun muddat nazarda tutilgan edi.
 
Soliq to‘lovchi DSXOning asoslantirilgan fikrini olgan holda:

• ushbu fikrga rozi bo‘lgan taqdirda – fikrni olgan kundan boshlab e'tiboran 1 oy ichida bu haqda uning ijrosini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda DSXOni xabardor qilishi;
• ushbu fikrga rozi bo‘lmagan taqdirda – o‘z e'tirozlarini fikrni olgan kundan e'tiboran 1 oy ichida DSXOga taqdim etishi shart.
 
E'tirozlar mavjud bo‘lgan taqdirda o‘zaro kelishuv jarayoni boshlanadi. Dastlab DSXO 3 kun muddatda e'tirozlarni yuqori turuvchi organga yuboradi. Shu bilan birga asoslantirilgan fikrni tuzgan DSXO xodimlari, soliq to‘lovchi va yuqori turuvchi DSXO vakillarining shaxsiy ishtirokida e'tirozlarni ko‘rib chiqish uchun bir oylik muddatni hisoblash boshlanadi.  Muloqot natijalariga ko‘ra, soliq to‘lovchiga shu kunning o‘zida shaxsiy kabinet orqali o‘zaro kelishuv natijalari to‘g‘risidagi xabarnoma yuboriladi. Loyihada xabarnomani yuborishga 3 kun ajratilgan edi.
 
Soliq monitoringi quyidagi hollarda muddatidan oldin to‘xtatiladi:

1) soliq to‘lovchi tomonidan o‘zaro axborot almashinuvi reglament talablari bajarilmaganda, shuningdek soliq to‘lovchining asoslantirilgan fikrga yoki o‘zaro kelishuv natijalari bo‘yicha tuzilgan xabarnomaga roziligi (rozi emasligi) to‘g‘risida ma'lumotlar taqdim etmaganda;
2) soliq monitoringini amalga oshirish davrida davlat soliq xizmati organiga moliyaviy va soliq hisobotlarini topshirish muddatlari buzilganda;
3) soliq monitoringini amalga oshirish davrida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanmaganda;
4) soliq monitoringini qo‘llash davrida hisoblangan soliq to‘lovlari kamayishini, zararlar miqdorining oshishini nazarda tutuvchi aniqlashtirilgan moliyaviy va soliq hisobotlari taqdim etilganda;
5) soliq monitoringini amalga oshirish jarayonida soliq to‘lovchi tomonidan noto‘g‘ri axborot taqdim etilganda;
6) hujjatlar, ma'lumotlar va tushuntirishlar o‘zaro axborot almashinuvi reglamentida belgilangan talablar soliq to‘lovchi tomonidan muntazam ravishda buzilgan holda taqdim etilganda;
7) soliq to‘lovchi tomonidan soliq monitoringini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida ariza taqdim etilganda.
 
Soliq monitoringini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin davlat soliq xizmati organi shu kunning o‘zida soliq to‘lovchini yozma shaklda, shuningdek soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qiladi.
 
Ma'lumot uchun: Loyihada yuqorida sanab o‘tilgan asoslarning hammasi ham soliq monitoringini muddatidan oldin tugatishga sabab bo‘la olmasdi. Xususan, moliyaviy va soliq hisobotlarini topshirish muddatlari buzilganda, aniqlashtirilgan moliyaviy va soliq hisobotlari taqdim etilganda, o‘zaro kelishuv natijalariga ko‘ra xabarnoma talablarini bajarmaslik faqat kameral va rejali soliq tekshirishlarini o‘tkazishga sabab bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: