Iqtisodiyot tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot, xom ashyo va materiallar turlari bilan barqaror ta'minlash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan yanada samarali foydalanish, shuningdek, iqtisodiyotni liberallashtirish sharoitida mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2018 yil 1 yanvardan boshlab monopolist korxonalar tomonidan 27 nomdagi yuqori likvidli mahsulotlarni faqat birja savdosi orqali bozor tamoyillari asosida sotish tartibi joriy etilganligi e'lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 17 yanvar kuni imzolangan tegishli qarorda shunday deyiladi.
Ma'lum qilinishicha, quyidagilar birja savdolarida realizatsiya qilinadi:
- ekstraktsion benzin, mis katodi, mis katankasi, ikkilamchi alyuminiy, metall rux, chorva ozuqasi uchun bug‘doy – faqat tuman (shahar) hokimliklari xulosasiga muvofiq ularni keyinchalik qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lgan korxonalarga;
- texnik chigit – faqat ilovada ko‘rsatilgan va ushbu urug‘likni ishlab chiqarish joyida joylashgan “O‘zpaxtayog‘” AJning yog‘-moy korxonalariga;
Mavzuga oid: Fotoreportaj: Birjaning Toshkentdagi bosh idorasiga sayohat
Quyidagilar, istisno tariqasida, belgilangan narxlar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha realizatsiya qilinadi:
- avtomobil benzini – byudjyet tashkilotlari va avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalariga;
- dizel yoqilg‘isi – byudjyet tashkilotlari, davlat buyurtmasi bo‘yicha paxta xom ashyosi va g‘alla yetishtirib beruvchi fermer xo‘jaliklari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Toshshahartransxizmat” AJ, maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib ketish bo‘yicha davlat korxonalariga;
- ko‘mir – byudjyet tashkilotlari, aholi va “O‘zbekenergo” AJ korxonalariga;
- aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mo‘ljallangan paxta yog‘i – 10 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdordagi chakana ustamani o‘z ichiga olgan belgilangan narx bo‘yicha keyinchalik taqsimlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan ulgurji va chakana korxonalarga, davlat strategik zaxirasini shakllantirish uchun – belgilangan narx bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasiga;
Paxta tolasi uni qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan mahalliy to‘qimachilik korxonalariga birja savdolari orqali, “Davlat belgisi” DIChB, “O‘zpaxtasanoat” AJ va O‘zbekiston ko‘rlar jamiyati korxonalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi muassasalariga texnologik ehtiyoj va mavjud ishlab chiqarish quvvati doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha realizatsiya qilinadi.
Paxta chigiti sheluxasi va shroti amaldagi birja ustamalari va hajmlarni taqsimlash tartibi saqlangan holda birja savdolarida realizatsiya qilinadi.