O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki naqd pul muomalasini takomillashtirish vazifalari doirasida muomaladagi banknotlar tuzilmasini optimallashtirish ishlari davom ettirilishini ma'lum qildi. Bu haqda MB Axborot xizmati xabar beradi.
Ma'lum qilinishicha, milliy valyutadan foydalanishda qulaylikni oshirish maqsadida joriy yilda yirikroq nominaldagi banknotlarni muomalaga chiqarish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bundan avval, Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov XPK sessiyasida "20 ming yoki 100 ming so‘mlik banknotlarni muomalaga chiqarish masalasini to‘la inkor etmasligini, ammo ayni paytda MB bunday taklifni ko‘rib chiqmayotganini" bildirgandi.
Shuningdek, rasmiy xabarga ko‘ra, mayda kupyuralarni 50,100, 500 so‘mlik yangi namunadagi tangalarga almashtirish hamda 200 so‘mlik tangalarni chiqarish masalasi ko‘rib chiqiladi.
"Taraqqiyot strategiyasi" markazida tashkil etilgan matbuot brifingida ishtirok etgan Markaziy bank raisi o‘rinbosari Adham Haydarov Kun.uz muxbiriga "yangi nominaldagi tangalarni ishlab chiqarish rejaga kiritilishi mumkinligini bildirgan".