“Yashirin iqtisodiyot”ga amnistiya e'lon qilinadi

Iqtisodiyot 16:45 / 11.01.2018 94631
Iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev

O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda shu vaqtga qadar yashirincha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan o‘zbekistonliklar uchun moliyaviy amnistiya choralari ko‘rish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev KUN.UZ muxbiriga bergan blits intervyusida ma'lum qildi. 

Uning aytishicha, ayni vaqtda prezident qarori loyihasi tayyorlanmoqda. Hujjatda shu vaqtga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullangan va o‘z daromadlarini yashirgan barcha tadbirkorlik sub'yektlariga amnistiya qo‘llash chora-tadbirlari belgilanadi. “Hozircha, moliyaviy amnistiyani 1 yoki 2 yil muddatda joriy qilinishi borasida bir narsa deyish qiyin. Bu yakuniy qaror qabul qilinganidan so‘ng ma'lum bo‘ladi”, - dedi Mubin Mirzayev. 

Sodda qilib aytganda, qaror qabul qilinganidan so‘ng, belgilangan amnistiya muddati ichida tadbirkorlar o‘z daromadlarini hech qanday to‘siqsiz va ortiqcha tekshiruvlarsiz O‘zbekistonda qayd etib, legallashtirishlari hamda faoliyatlarini davom ettirishlari mumkin bo‘ladi. 

Mubin Mirzayevning XPKning navbatdagi sessiyasida ma'lum qilishicha, ayrim ekspertlar bugungi kunda yashirin iqtisodiyotning O‘zbekiston YaIM dagi hajmini 50 foiz atrofida, deb baholashmoqda. Bu o‘z navbatida, davlat byudjyeti daromadlariga va iqtisodiyot rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. 

“Qanday qilib buning oldini olish mumkin? Valyuta bozorining liberallashtirilishi birlamchi qadam hisoblanadi. Keyingi bosqich soliq tizimi bilan bog‘liq bo‘ladi. Misol uchun aytadigan bo‘lsak, agar 2018 yilda imtiyoz va preferensiya bermasdan 20 foizlik qo‘shimcha qiymat solig‘i undirilsa, davlat byudjyetining 80 foizi qoplanadi. 

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi

Aytmoqchimanki, prezident topshirig‘iga binoan, 2018 yil birinchi yarim yilligida soliq tizimini qayta ko‘rib chiqamiz. Bundan tashqari, barcha uchun bir xil sharoit va raqobat muhitini yaratish orqali yashirin iqtisodiyotni legallashtirib, korxona va tashkilotlarning bemalol ishlashiga imkon beradigan takliflar Iqtisodiyot, Moliya vazirliklari va Markaziy bank bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda.

Biz 2018-2020 yillarda yashirin iqtisodiyot hajmini yil sayin kamaytirishga erishsak, bu davlat byudjyetining barqarorligini va soliq bazasining kengayishini ta'minlaydi”, - dedi Mubin Mirzayev. 

Ko‘proq yangiliklar: