Jahon banki prognozi: O‘zbekistonning YaIM Markaziy Osiyoda eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etadi

Iqtisodiyot 17:00 / 10.01.2018 21133

Jahon banki (JB) hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning 2017 yildagi iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi 6.2 foizni tashkil qilgan. Bu undan oldingi yillarga nisbatan pastroq ko‘rsatkich hisoblanadi - 2015 yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi 8 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 7.8 foizdan iborat bo‘lgan. 

Shunday bo‘lsa-da, Global Economic Prospects (GEP)da yanvar oyida taqdim etilgan prognozlarga ko‘ra, 2018-2020 yillarda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning o‘sish ko‘rsatkichlari Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yaxshi natijani qayd etadi - 5.6 foiz (2018), 6.3 foiz (2019), 6.5 foiz (2020). Qo‘shni Turkmanistonning ko‘rsatkichlari ham shunga o‘xshash - 6.3 foiz (2018-2020).

"Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari" 

Hisobot mualliflarining fikricha, 2017 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti bilan bir qatorda Qirg‘iziston, Moldova, Serbiya va Ukraina iqtisodiyotlarida ham ko‘rsatkichlarning biroz pasayishi qayd etilgan. Qozog‘iston, Armaniston, Bularus va Polshada esa, aksincha, iqtisodiy o‘sish qayd etilgan.

Jahon banki prognoziga ko‘ra, joriy yilda jahon YaIM o‘sishi avval taxmin qilingan 2.7 foiz o‘rniga 3 foizni tashkil qildi, 2018 yilda esa 3.1 foizga teng bo‘lishi kutilmoqda. Hujjatga ko‘ra, prognozlarning oshirilishi rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish sur'atlarining tezlashishi bilan bog‘liq.

JB rivojlanayotgan mamlakatlarning 2017 va 2018 yillardagi  iqtisodiy o‘sish prognozini 0.4 foizga oshirgan. Shu bilan birga, 2019-2020 yillarda bu mamlakatlardagi YaIM o‘sishi 1.9 va 1.7 foizni tashkil qilishi kutilmoqda. 

Hujjatga muvofiq, AQSh YaIMning o‘sishi 2017 yilda kutilgan 2.1 foiz o‘rniga 2.3 foizni tashkil qildi. Jahon banki shuningdek Xitoy va Rossiya kiruvchi rivojlanayotgan mamlakatlar guruhi YaIM prognozlarini ham 4.1 foizdan 4.3 foizga oshirdi. 

Markaziy Osiyo mintaqasida esa YaIM 3.3 foiz (2016)dan 4.6 foizga tezlashgan. 2018 yilda o‘sish 3.8 foizni tashkil qilishi va 2019-2020 yillarga borib 4.8-4.1 foizgacha barqarorlashishi kutilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: