Venesuelada inflyatsiya 2600 foizdan oshdi

Iqtisodiyot 01:38 / 09.01.2018 7802

2017 yil natijalariga ko‘ra Venesuelada inflyatsiya 2616 foizga yetdi. Bunday ma'lumotni Venesuela muxolifati nazoratida bo‘lgan milliy assambleyaning moliya qo‘mitasi ma'lum qildi. 

“Dekabrda narx-navo 85 foizga oshdi, umumiy inflyatsiya esa 2616 foizga yetdi”, deb aytgan qo‘mita a'zosi Rafael Gusman. Uning ta'kidlashicha, Venesuela giperinflyatsiya kuzatilayotgan dunyodagi yagona davlat bo‘ldi. 

Qo‘mitaning yana bir a'zosi Xose Gerraning prognoziga ko‘ra, 2018 yilda Venesuela giperinflyatsiya sur'atlari tezlashishiga duch kelishi mumkin.

“Agar parlament chaqiriqlari e'tiborga olinmasa, 2018 yilda 14 ming foizlik giperinflyatsiyaga kelamiz. Biror narsa sotib olish uchun resurslar bo‘lmaydi, xalq esa 30 mln kishini boqish uchun yetarlicha mablag‘i bo‘lmagan hukumatga bog‘liq bo‘ladi”, deb aytgan Gerra. 

Gerraning aytishicha, 2017 yil dekabrda narxlar 85 foizga oshgan va bu Lotin Amerikasining barcha davlatlarida yig‘ilib qolgan umumiy inflyatsiyadan ko‘proqdir. “Giperinflyatsiyaga hukumatni moliyalashtirishni davom ettirish uchun Venesuela markaziy banki tomondan pullar bosilishi sabab bo‘ldi”, deb aytgan deputat.

2017 yilda prezident Nikolas Maduro boshchiligidagi hukumat 5 marta mamlakatdagi eng minimal ish haqini oshirgan. Joriy yil 1 yanvaridan u 177,5 ming bolivardan 248,5 ming bolivargacha oshirilgan. Davlat kursi bo‘yicha 1 dollar 10 bolivar turadi, biroq qora bozorda dollar uchun 111 ming bolivar so‘ralmoqda.

Oxirgi yillar davomida Venesuela jadal inflyatsiya va milliy valyuta qadrsizlanishi bilan kechayotgan o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasida mamlakatda 2018 yilda narx-navo o‘sishi 2349 foizni tashkil qilishi taxmin qilinmoqda.  

Ko‘proq yangiliklar: