Jahon | 17:30 / 10.12.2017
21140
2 daqiqa o‘qiladi

Arab davlatlari ligasi AQShga qarshi sanksiyalar borasida bir qarorga kelmadi

Arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari AQShning Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olishga doir qarorini halokatli xato sifatida baholab, uni qaytarib olishga chaqirishdi, zero bunday qaror Vashingtonni "bosqinchilar" bilan bir qatorga qo‘yadi. Associated Press shu haqida xabar berdi.

Bundan tashqari, TIV rahbarlari BMT Xavfsizlik Kengashi (XK)ni AQSh prezidenti Donald Trampning Al-Quds bo‘yicha qarorini qoralovchi rezolyutsiyani qabul qilishga chaqirishmoqda. Falastin TIV rahbari Riyod Al-Malikiyning ma'lum qilishicha, BMT XK rezolyutsiyasi vetolangan taqdirda, arab mamlakatlari BMT Bosh Assambleyasi tomonidan rezolyutsiya qabul qilinishini qat'iy talab qiladi.

9 dekabr kuni arab mamlakatlari vazirlari Qohirada shoshilinch maslahatlashuvlar uchun uchrashishdi. AP'da ta'kidlanishicha, TIV rahbarlari tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada AQShga nisbatan qandaydir cheklovlar (masalan, Amerika tovarlariga boykot e'lon qilish yoki diplomatik munosabatlarni kamaytirish) haqida gap yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ba'zi davlatlar vakillari sanksiyalar kiritishni taklif qilishgan.

Manbaga ko‘ra, arab davlatlari vazirlari bir oydan keyin yana uchrashishadi.

Ta'kidlash joizki, 6 dekabr kuni Donald Tramp AQSh Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olishi va o‘z elchixonasini o‘sha yerga ko‘chirishi haqida e'lon qilgandi. Bunday qaror hatto Vashingtonning eng yaqin ittifoqdoshlari tomonidan ham tanqid ostiga olindi. 

Mavzuga oid