Norvegiyada sun'iy intellekt tomonidan boshqariluvchi elektr yuk tashuvchi kemasi ishlab chiqish ishlari yakunlangani e'lon qilindi. Bu haqda Clean Electric ma'lum qilmoqda. «Yara Birkeland» deb atalgan kema Trondheymdagi 80 metrli SINTEF Ocean sinov uskunasida sinab ko‘riladi.
Garchi to‘laqonli kema hanuz ommaga ko‘rsatilmagan esa-da, bayonot chog‘ida uning massasi 2,4 tonna bo‘lgan 6 metrli, kichraytirilgan modeli namoyish etildi. Kutilishicha, yakuniy o‘lchamdagi kema 2019 yil boshida sinovdan o‘tkaziladi va ishlarni bajarishga kirishadi. To‘liq avtonom faoliyat ko‘rsatishni boshlash 2020 yilga mo‘ljallanmoqda. «Yara Birkeland»dan foydalana boshlashgach, u bir reysda Norvegiya janubida joylashgan Porsgrunnadagi o‘g‘itlar zavodidan Breyvik va Larvik bandargohlariga 40 mingda yarimpritsepga joy bo‘ladigan yukni tashib bora oladi. Kema shu yo‘l bilan atmosferaga issiqxona gazlarining ajralib chiqishining oldini olishga katta hissa qo‘shadi.
Press-relizda xabar qilinishicha, «Yara Birkeland» Norvegiyaning Marin Teknikk injyenerlik-konstruktorlik kompaniyasida loyihalashtirilgan. Kichraytirilgan modelini yasashda haqikiy kemadagi singari texnologiyalardan foydalanilgan, hattoki KONGSBERG rul boshqaruvi ishchi tizimi ham. Kompaniya shuningdek kemaning elektr yuritish tizimini yasagan, akkumulyator tizimlari va avtonom tizimli datchik bilan ham ta'minlagan.
Kema qayerda qurilishi haqidagi qaror jamoatchilik muhokamasiga 2017 yil so‘ngiga qadar olib chiqiladi. Norvegiyaning ENOVA davlat kompaniyasi 133 mln. krona (16,7 mln dollar) investitsiya qilib, loyihani qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilgan. Agar «Yara Birkeland» muvaffaqiyat qozonadigan bo‘lsa, Norvegiya tomonidan iqlimni saqlashga doir majburiyatlarni bajarishga katta hissa qo‘shgan va xalqaro dengiz qatnovlarida yangi davrni boshlab bergan bo‘ladi.
Norvegiya kemasiga raqobatchi sifatida yaponlar tomonidan yasalayotgan kema ko‘rilmoqda. Kunchiqar yurt vakillari tomonidan boshqaruvchisiz harakatga keladigan yuk kemasi Tinch okeanini 2019 yilda kesib o‘tishi kutilmoqda.