Ford xarajatlarni 14 mlrd. dollarga qisqartirib, ba'zi modellardan voz kechadi

Fan-texnika 14:00 / 04.10.2017 3691

Ford Motor xarajatlarni 14 milliard dollarga qisqartiradi va ba'zi modellarni ishlab chiqarishni bas qiladi. Kompaniyaning yangi bosh direktori Jim Hekett barcha e'tiborni krossoverlar va yo‘ltanlamas mashinalar (SUV), yuk mashinalari va elektromobillarga, shuningdek, avtonom boshqariluvchi texnologiyalarga qaratmoqchi, deb xabar beradi Bloomberg.

Avto ishlab chiqaruvchi keyingi 5 yil ichida materiallarga sarf-xarajatlarni 10 mlrd., injyeneriyaga ajratmalarni 4 mlrd. dollarga kamaytirishni niyat qilganligi seshanba kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilgan investorlar ishtirokidagi brifing arafasidagi bayonotda e'lon qilingan. Ford o‘rtacha o‘lchamli Ranger pikapi va Bronco yo‘ltanlamasini ishlab chiqarishga xarajatlarni oshiradi, lekin yengil avtomobillarni ishlab chiqarish uchun ajratmalarni muayyan modellarni oshkor etmagan holda qisqartirib tashlamoqda.

«O‘zgarish qaroriga kelish oson bo‘lgani yo‘q — madaniy tomondan ham, amaliy tomondan ham, — degan Hekett o‘z bayonotida. — Pirovard natijada o‘tgan yuz yillikda bizga muvaffaqiyatlar keltirgan sifat kelajakda muvaffaqiyat garovi bo‘la olmasligini ham tan olishimiz kerak». Hekett ehtiyotkor investorlarni aksiyalar narxining uch yildan beri pasayishi oldini olish yuzasidan muayyan rejasi borligiga ishontirish uchun Uoll-stritni mahv etish uchun otlandi, deb yozadi Bloomberg.

Elektromobillar va avtopilotlashtirish texnologiyasida Ford’ni General Motors va Tesla kabi raqobatchilari ortda qoldirishmoqda. Dushanba kuni uning asosiy raqobatchilaridan biri, hozirdanoq to‘liq elektrlashtirilgan Chevrolet Bolt hetchbekini savdoga chiqargan GM 2023 yilga borib akkumulyatorlar va vodorodli yoqilg‘i elementlaridan quvvat oluvchi 20 xil avtomobil ishlab chiqarish rejasini oshkor etdi. O‘sha kunning o‘zidayoq Ford «Edison jamoasi» deb nomlangan mustaqil bo‘linma tashkil etgani va u EVning biznes-modelini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishini e'lon qildi. Ford quvvatlanishlarsiz uzoq yo‘l bosuvchi dastlabki modelini 2020 yilda taqdim etadi. «Ford texnologiyalardan ortda qolmayapti, — degan kompaniyaning elektromobillar ishlab chiqarish dasturi rahbari Sharif Marakbiy dushanba kuni. — Muhimi, jamoa uzoq umr ko‘ra oladigan va daromadli biznes yarata olishga qodir. Foydaga chiqish — bizning mutlaq maqsadimiz».

Ford yengil avtomobillar ishlab chiqish uchun mo‘ljallangan 7 mlrd. dollarni SUV va yuk mashinalari tomon burib yubormoqchi. Kompaniya avvalgi bosh direktor Mark Filds rahbarligi ostida yagona o‘yinchi strategiyasini o‘zgartiradi va qo‘shilish, yutib yuborish va qo‘shma korxonalarda faol ishtirok etadi. Hakett may oyida kompaniya rahbarligini o‘z qo‘liga olganidan buyon u elektromobillar ishlab chiqishda Xitoy va Hindistondagi kompaniyalar bilan hamkorlik qilmoqda, robotlashtirilgan avtomobillar ishlab chiqish uchun Lyft bilan birlashdi.

Seshanba kuni Ford aksiyalari 0,5 foizga o‘sib, donasining narxi 12,4 dollarga yetdi. Joriy yilda kompaniya aksiyalari jami bo‘lib 2,1 foizga o‘sdi.

Ko‘proq yangiliklar: