Vazirlar Mahkamasining 11.09.2017 yildagi 707-son «Avtomototransport vositalarini davlat daromadiga o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Davlat daromadiga o‘tkazilgan, 20 va undan ko‘p yil muddatda foydalanilgan hamda yaroqsiz avtomototransport vositalari:
• haq to‘lash evaziga utilizatsiya tashkilotlariga;
• ikkilamchi xom ashyoni qayta ishlash tashkilotlariga haq to‘lash evaziga (metall parchalari narxida) topshiriladi.
Avtomobilning foydalanishga yaroqliligi YHXDX organining ushbu organ rahbari tomonidan tasdiqlangan xulosa bilan belgilanadi.
Transport davlat ijrochisi tomonidan Ichki ishlar vazirligi YHXDX vakilining majburiy ishtirokida topshiriladi. Qabul qilish-topshirish dalolatnomasida bu haqda tegishli yozuv qayd etiladi.
Keyin davlat ijrochisi avtomototransport vositasini hisobdan chiqarish to‘g‘risida qaror chiqaradi va uni avtomototransport vositasi hisobga olingan joydagi YHXDX organiga ijro etish uchun yuboradi. Bir vaqtning o‘zida YHXDX organiga ushbu avtomototransport vositasining davlat ro‘yxatiga olingan raqam belgilari va ro‘yxatga olingani to‘g‘risidagi guvohnoma ham (mavjud bo‘lsa) topshiriladi.
Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga zarur tuzatishlar kiritildi.