RM Sotheby’s auksion uyi Ferrari F2001 - Mixael Shumaxer 2001 yilda Monako va Vengriya Grand Prisida g‘alaba qozongan Formula-1 bolidini savdoga qo‘yadi. Ushbu g‘alaba «Ferrari»ga «Konstruktorlar kubogi»da birinchi o‘rinni, Shumaxerga esa - Formula-1’dagi to‘rtinchi jahon chempionligini keltirgandi.
Ferrari F2001 900 ot kuchiga ega 3,0 litrli V10 atmosfera motori va yetti pog‘onali yarim avtomatik transmissiya bilan jihozlangan. Mashinaning og‘irligi 600 kilogramm. Bolidni kamida to‘rt million dollarga sotish rejalashtirilmoqda.
Lotga berilgan ma'lumotda aytilishicha, 211 shassi raqamiga ega mashina to‘liq soz holda va poygalarda ishtirok etishga tayyor. Bo‘lajak xaridorga Ferrari kompaniyasi Maranellodagi texnik markazda avtomobilni saqlash va unga texnik xizmat ko‘rsatish, dunyoning istalgan nuqtasiga yetkazish va o‘z texnik mutaxassislari hamda test-pilotlari jamoasini taklif etadi.
Ferrari F2001 savdolarga qo‘yiladigan Nyu-Yorkdagi auksion italiyalik superkarlar ishlab chiqaruvchisining 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan. Sentyabr oyining boshida bo‘lib o‘tgan kim oshdi savdosida kompaniya LaFerrari Aperta, Ferrari 250 GT LWB California Spider by Scaglietti’ning so‘nggi nusxasi va 40 yil garajda saqlangan dunyodagi yagona Ferrari 365 GTB/4 Daytona Berlinetta Alloy’ni sotib yubordi.