Kattaqo‘rg‘onda ishlab chiqarilayotgan mototsikllar

Fan-texnika 10:24 / 28.09.2017 26851

Kattaqo‘rg‘on shahrida «Hong Xiang Group» o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasida so‘nggi avloddagi yuk motorollerlari va mopedlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, deb xabar beradi «Samarkandskiy vestnik» gazetasi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiyot Milliy banki viloyat filialining 439 million so‘mlik kredit mablag‘lari va 1 milliard so‘mlik xorijiy investitsiyalar evaziga korxonada o‘rnatilgan zamonaviy xitoy uskunalari bilan yiliga besh mingdan ziyod ikki va uch g‘ildirakli mototsikllar yig‘ish mumkin.

— Biz Kattaqo‘rg‘on transport kasb-hunar kollejining bo‘shab yotgan binosini ijraga oldik va uni to‘rt turdagi mototsikl ishlab chiqaruvchi korxonaga moslashtirdik, — deydi «Hong Xiang Group» QK rahbari Baxtiyor Umrzoqov. — Ushbu kollejning talabalari ham e'tibordan chetda qolmadi va ular korxonamizda amaliyot o‘tashmoqda. Ularning eng tirishqoqlarini yig‘ish sexiga ishga qabul qilamiz. Ayni paytda qo‘shma korxonamizda doimiy asosda 25 kishi mehnat qilmoqda. 

Kattaqo‘rg‘ondagi qo‘shma korxonada ishlab chiqarilayotgan motoroller va mototsikllarning boshqa shu turdagi transport vositalaridan afzalligi shundaki, ular 100 km yo‘lga markasiga qarab 1 litrdan 3 litrgacha yoqilg‘i sarflaydi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha yil avval Samarqand shahridagi «El Xolding» MChJda ham mototransport vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi. Lekin paydo bo‘lgan turli texnik va boshqa muammolar sabab bu loyihani amalga oshirish to‘xtatib qo‘yilgan edi. Biz Kattaqo‘rg‘ondagi korxonani ham shunday taqdir kutmayaptimi, deb savol berdik. 

— O‘ylashimcha, bizga bunday tahdid yo‘q, — deydi B.Umrzoqov. — Birinchidan, bizning xorijiy hamkorlarimiz bunday loyihalarni amalga oshirishda boy tajribaga ega. Ikkinchidan, yuqori sifat va texnik xarakteristikalar mahsulotlarimizni ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham munosib o‘rniga ega bo‘lishini ta'minlaydi. 

Ayni paytda mahsulotni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonga yetkazib berish uchun shartnomalar imzolanmoqda. 
 

Ko‘proq yangiliklar: