Hindiston 2018 yil oxirigacha har bir uyni quyosh panellari orqali elektrlashtiradi

Fan-texnika 14:55 / 27.09.2017 5243

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi mamlakatni yakuniy elektrlashtirish dasturi ishga tushirilgani haqida e'lon qildi. 2018 yil oxirigacha uni amalga oshirish uchun kichik uylarda quyosh panellari va ularga akkumulyatorlar o‘rnatiladi. Bu haqda PV Tech yozmoqda.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Hindistonda hali ham 18 mingga yaqin qishloqlar, shuningdek, shahar qurilmalariga kiruvchi uy xo‘jaliklarining bir qismi elektrlashtirmagan. Elektr liniyalari yo‘qligining eng ko‘p uchraydigan sababi – u yoki bu aholi punktining yirik elektr stansiyalaridan uzoqda joylashgani, hududlarning murakkab relefi yoki iste'molchilar to‘lov qobiliyatining pastligidir.

2018 yilning dekabr oyiga qadar yakunlanadigan yangi dastur doirasida Modi muammoni hal qilish uchun elektrlashtirishga zarur bo‘luvchi boshlang‘ich majmuani bepul tarqatish taklifi bilan chiqdi. Unga 200-300 vatt (1,0-1,66 kvadrat metr) quvvatiga ega quyosh batareyasi kiradi, biroq doimiy tokni o‘zgartiruvchi invertor bo‘lmaydi. Batareyali majmuada yuz vatt-soat atrofidagi sig‘imga ega akkumulyator, har birining quvvati bir necha vatt bo‘lgan bir nechta nurdiodli lampalar, ventilyator va boshqa qurilmalarni ulash uchun rozetka bo‘ladi. Lampalar, ventilyator va rozetka doimiy tokda ishlaydi. Bu invertorda tejash imkonini beradi. Dasturning umumiy qiymati - qariyb 2,5 milliard dollarni tashkil etadi.

Taxminlarga ko‘ra, bunday «bepul» elektrlashtirish ketgan sarf-xarajatlarni juda tezlik bilan qoplab beradi. Bugungi kunda Hindistonning elektr ta'minotiga ulanmagan hududlari kerosin lampalari va ular uchun kerosinning asosiy iste'molchisi hisoblanadi. Ular uchun xarajatlar oilalarga kuniga bir dollarga tushishi mumkin. Lampalardagi kerosin yonish vaqtida o‘zidan saraton kasalligiga olib kelishi mumkin bo‘lgan, shuningdek, yurak-qon tomir va o‘pka xastaliklarining ehtimolini oshiruvchi moddani chiqaradi. Ularning muolajasi davlat byudjyeti uchun og‘ir yuk bo‘lib tushadi (mamlakatning qashshoq fuqarolarida sug‘urta odatda bo‘lmaydi). Neft va kerosin importi esa mamlakatning savdo balansini yomonlashtirmoqda (Hindiston - neft va neft mahsulotlarining importchisi). Quyosh batareyalari esa mamlakat ichkarisida ishlab chiqariladi va havoning ifloslanishiga olib kelmaydi. Bu ularning tarqatilishi sog‘liqni saqlash tizimidagi vaziyatni biroz yaxshilashi va energotashuvchilar importini kamaytirishini anglatadi.

Avvalroq shunga o‘xshash sabablarga ko‘ra, Mo‘g‘uliston hukumati tunda elektr energiyasi ta'minotini bepul qilib qo‘yishga qaror qildi. Bundan avval qish mavsumida isitish uchun ko‘mir pechlari ishlatilgan, ularning tutunidan ifloslanish esa mamlakatda o‘pka va yurak-qon tomir kasalliklari bilan bog‘liq vaziyatni yanada yomonlashtirdi. Mo‘g‘uliston bugungi kunda o‘z energetikasini qazib olinuvchi yoqilg‘ini yoqishdan quyosh energiyasi va nisbatan kamroq darajada shamol quvvatiga qayta o‘zgartirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: