Xitoyda ilk uchuvchisiz gidrosamolyot yaratildi

Fan-texnika 19:34 / 27.09.2017 5415

Shanxayning UVS Intelligence System kompaniyasi dunyodagi ilk uchuvchisiz amfibiya-samolyotni yaratdi. Kompaniya bu samolyotdan mahsulotlarni yetkazish, orollar bilan aloqa qilish va suv osti kemalarini topishda foydalanmoqchi, deb xabar bermoqda China Daily nashri.

U650 nomli bu samolyot Ispaniyaning Colyaer Freedom S100 o‘ta yengil samolyoti negizida qurilgan. Bu samolyot uchun intellektual mulk huquqlari UVS tomondan sotib olingandi. Uglerod toladan yasalgan gidrosamolyotning uzunligi 5,85 metrni tashkil qiladi. U 15 soat davomida 180 km/soat tezlik bilan parvoz qilishga qodir va qo‘nmay uchish uzoqligi 2000 km ni tashkil qiladi. Dron qisqa tuproqli uchish-qo‘nish yo‘lakchalari va suvdan uchib-qo‘na oladi. Samolyot 250 kg yuk ko‘tara oladi. 4 ta yuk, misol uchun shishadigan qutqarish sollari samolyot qanotlarida joylashtirilishi mumkin. Kompaniya vakillarining ta'kidlashlaricha, ularning samolyoti shunday turdagi fuqarolik samolyotlari orasida eng ko‘p yuk ko‘tara oladi va bu holat unga tijoriy muvaffaqiyat keltirishi mumkin.

Foto: China Daily

Kompaniya rahbari Lyu Tsziandunning aytishicha, gidrosamolyot ommaviy tarzda ishlab chiqarila boshlangan. Uning qo‘llanishi joriy yilda tezkor yetkazib berish kompaniyasi va Janubi-sharqiy Osiyodagi mijoz tomondan boshlanadi. Lyu sir saqlash maqsadida bu kompaniyalar nomini oshkor qilmagan, biroq ikkala shartnoma ham katta narxga egaligini aytgan. Kompaniya ushbu samolyotning asosiy xaridorlari sifatida Xitoy va butun dunyodagi kurerlik firmalarini ko‘rmoqda. Misol uchun, U650 Xitoyning odamlar zich joylashgan sohillarida foydali bo‘ladi. Bu yerda aviakompaniyalar ko‘pligi sababli oddiy dronlarni uchirish va qo‘ndirish uchun yetarlicha joy yo‘q. Yangi gidrosamolyot past narxlarda kundalik yuk tashishlarni ta'minlab, Janubiy Xitoy dengizi orollari aholisi hayotini ancha yengillashtirishi mumkin. Lyuning fikricha, bu samolyotni harbiylar ham qo‘llashlari mumkin, chunki u radar, gidrolokator va raketalar tashishi yoki suv osti kemalarini topish uchun sonarni shatakka olishi mumkin.  

Ko‘proq yangiliklar: