Google va Levi's aqlli jinsi kurtkalarni ishlab chiqdi

Fan-texnika 17:38 / 26.09.2017 8655

Levi's kiyim-kechak ishlab chiqaruvchisi Google kompaniyasining innovatsion ishlanmalar bo‘limi (Advanced Technology and Projects, ATAP) bilan hamkorlikda Commuter Trucker Jacket aqlli kurtkalarining sotuvlari boshlangani haqida e'lon qildi. 

Google kompaniyasining rasmiy blogida xabar berilishicha, kurtkaning yeng qismi Jacquard aqlli matolaridan tayyorlangan maxsus datchiklar bilan jihozlangan. Bunday mato tach-sensordek ishlaydi va kiyimga o‘rnatilgan Bluetooth-modul orqali signalni foydalanuvchidan smartfonga uzatadi.

Kurtka turli ilovalar, masalan, navigator yoki musiqiy pleyerni boshqarish imkonini beradi. Muayyan buyruq berish uchun foydalanuvchi kiyimdagi ma'lum bir joyni bosishi yoki unga ikki marta tegib qo‘yishining o‘zi yetarli. 

Bundan tashqari, smart-kurtka kiruvchi qo‘ng‘iroqlar va xabarlardan voqif qilib turadi. Bugungi kunda Commuter Trucker Jacket kurtkalari Android va iOS boshqaruvi ostidagi qurilmalar bilan bog‘lana oladi. 

Ishlab chiqaruvchining ta'kidlashicha, kurtkani yuvish mumkin, biroq avval undan Bluetooth-modulni olish kerak bo‘ladi.

Commuter Trucker Jacket sotuvlari 27 sentabrda boshlanadi, uning narxi 350 dollarni tashkil qiladi. Kurtka sotuvlari dastlab AQSh bozorida yo‘lga qo‘yiladi. Boshqa mamlakatlarda sotuvlar yo‘lga qo‘yiladimi yoki yo‘q - Google bunga oydinlik kiritmadi. 

Ko‘proq yangiliklar: