Yigirma yil avval, 1997 yilning 15 sentabrida dasturchilar Larri Peyj va Sergey Brin Google qidiruv tizimi uchun google.com domenini ro‘yxatdan o‘tkazishgan. Insoniyat tarixidagi eng muhim IT-kompaniyalardan birining tarixi shunday boshlangan.
Ta'kidlash joizki, Google bizning qidiruv tizimlariga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirdi. Bugungi kunda shuni ishonch bilan ta'kidlash mumkinki, Google — internetdagi eng ko‘p tashrif buyuriluvchi sayt.
Google kompaniyasi rasman 1998 yilning 4 sentabrida Kaliforniya shtatida, Menlo-Parkdagi garajda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
«Google» nomi yuzta nolli 1 raqamini bildiruvchi «gugol» so‘zidan kelib chiqqan. Kundalik hayotimizda tobora ko‘p qo‘llanilib borayotgan «to google» («gugllash» - izlash ma'nosini bildiradi) fe'li 2006 yilda Oksfordning ingliz tili lug‘atiga kiritilgan.
Mazkur qidiruv tizimi o‘zining oddiy interfeysi bilan internet foydalanuvchilarini jalb qilib kelmoqda. 2000 yilda Google reklama sotuvlarini boshladi. Boshqa raqiblaridan farqli o‘laroq, Google Internetning yangi bozoriga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
2014 yilga borib, Google 41 mamlakatda joylashgan 70 dan ziyod idorasiga ega bo‘ldi.
2015 yilda kompaniya qaytadan tashkil etildi: Google - Alphabet Inc'ning sho‘'ba kompaniyasiga aylandi va internetga tegishli bo‘lmagan ba'zi savdo markalarini mustaqil filiallarga ajratdi.
Vaqt o‘tgan sayin qidiruv tizimi o‘zining Gmail pochtasi, Google Maps xaritalari va yana o‘nlab bir-biriga integratsiyalashgan mahsulotlar bilan boyidi. Zero XXI asr qidiruv tizimi shunchaki qidiruv tizimidan kattaroq ahamiyatga ega bo‘lishi kerak - bu Google muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan yana bir saboq.
2000-2002 yillarda NASDAQ fond birjasining inqirozi kompaniyalar bozor qiymatining 5 trillion dollarga pasayishiga sabab bo‘ldi va ma'lumotlarga ko‘ra, 2004 yilga kelib faqat 48 foiz dotkom-kompaniyalargina omon qolgan.
Google bu vaziyatda nafaqat omon qoldi, balki investorlarga IT-bozorga bo‘lgan ishonchni qaytardi. 2004 yilning 18 avgustida kompaniya 1,67 milliard dollarni jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi, bu - o‘sha paytlar uchun misli ko‘rilmagan summa. Startapning bozor kapitalizatsiyasi 23 milliard dollardan ortiqni tashkil qildi. 271 million aksiyaning aksariyati Google tasarrufida qoldi va kompaniyaning ko‘p xodimlari bir zumda millionerga aylanishdi. Aktsiyalarning har biri 85 dollardan sotilgan. Bugun esa kompaniyaning bir aksiyasi deyarli 950 dollarni tashkil qiladi.
Google muvaffaqiyati investorlarga IT-bozoridagi startaplar katta pul keltirishi mumkinligini ko‘rsatdi va bunday firmalarga sarmoya kiritishga undadi. Aynan shuning uchun ham hozirda Facebook kapitalizatsiyasi, masalan, 500 milliard dollarni tashkil qiladi. Hatto Twitter yoki Snapchat kabi loyihalar ham o‘nlab milliard dollarga baholanadi - Alphabet Inc (Google uning tarkibida) va uning sho‘'ba kompaniyalari 649,49 milliard dollarga baholanadi.
Bugungi kunda Google asoschilari Larri Peyj va Sergey Brin IT-sanoatning Stiv Jobs va Ilon Mask kabi yulduzlari bilan bir qatorga qo‘yiladi. Bu insonlarning bari zamonaviy muqobillarni bir necha yilga ortda qoldiruvchi ilg‘or texnologiyalarni yaratishmoqda.
Brin 2010 yilda tashkil etilgan Google X — avtomat boshqaruvli avtomobillar, to‘ldirilgan reallik ko‘zoynaklari (Glass) va boshqa innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi sho‘'ba kompaniyasini boshqaradi. Google'da ularni "moonshots" ("Oyga parvozlar") deb atashadi. 2016 yilda Google X'ning Nest (aqlli termostatlar), ), Fiber (yuqori tezlikdagi internet) va Verily ("aqlli" tibbiyot) kabi loyihalari Alphabet'ga 808 million dollar keltirdi.
CNN ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning "moonshots" loyihalarga doir o‘tgan yilgi kamomadi 3,6 milliard dollarni tashkil qildi. Shuning uchun kompaniya ba'zi omadsiz loyihalardan voz kecha boshladi: Project Ara (modul telefon), Project Loon (havo shari yordamida internet tarqatish), shuningdek haydovchisiz avtomobil loyihalari tashlab qo‘yildi. Google buning o‘rniga avtonom boshqaruvli avtomobillarga o‘rnatiladigan sun'iy intellekt tizimini takomillashtirishga kirishdi.
Umuman olganda, kompaniyaning hatto o‘zini oqlamagan loyihalariga ham kelgusida ikkinchi hayot baxsh etilishi mumkin. Masalan, Brinning sevimli mahsuloti Google Glass to‘ldirilgan reallik ko‘zoynaklari iste'molchilar orasida kutilganidek talabgor bo‘lmadi, biroq u ishlab chiqarish, tibbiyot va muhandislik ishlarida faol qo‘llanib kelinmoqda. Forrester Research marketing kompaniyasi baholariga ko‘ra, 2025 yilga borib, AQSh korxonalaridagi 14,4 million ishchi "aqlli" ko‘zoynakka ega bo‘ladi.
Internet foydalanuvchilarining taxminan 82 foizi Google'ni qidiruv tizimi sifatida qo‘llaydi, 85 foizi - Android'ning mobil operatsion tizim bozoridagi ulushi. Qanday qurilmadan foydalanmang, baribir Google mahsulotiga duch kelasiz. Buning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari bor. Bir tomondan, bir marta Gmail'dan login bilan kirib, barcha mahsulotlarga chiqish imkoniga ega bo‘lasiz. Boshqa tomondan, Google tizimi Facebook ijtimoiy tarmog‘i singari siz haqingizda haddan tashqari ko‘p ma'lumot yig‘adi.
Google reklama beruvchilardan pul oladi va ularga sizning har bir klikingiz haqidagi ma'lumotlarni taqdim etadi. Soddaroq qilib aytganda, agar qidiruv tizimiga "muzlatgich" so‘zini kiritsangiz, uzoq vaqtgacha sizni muzlatgich reklamalari ta'qib etadi. Google'ning kuzatuv dasturlari 10 milliondan ortiq saytga o‘rnatilgan. Har safar Gmail orqali xat yozganingizda, YouTube'da video ko‘rganingizda yoki Google Maps'da nimanidir qidirganingizda bor faolligingiz Google'ga qaratiladi. Bunday "kuzatuv" ko‘lamlari noma'lumligicha qoladi.
Internetdan nimanidir qidirmoqchi bo‘lsak, "Yandeks" yo boshqasidan emas, aynan "Gugldan qarab ko‘rish kerak" deymiz. Bu jihatdan Google lug‘at zaxiramizning ajralmas qismiga aylandi. Kompaniya hatto "gugllash" fe'li Google'dan uzoqlashishidan cho‘chimoqda ("kseroks", "polaroid" yoki "pampers" so‘zlari bilan shunday bo‘lgan).
Google'ning tafakkurimizga ta'siri biz o‘ylaganimizdan-da chuqur. Los-Anjyelesdagi Kaliforniya universiteti professori Geri Smollning "Sizning miyangiz va Google" nomli tadqiqotiga ko‘ra, qidiruv tizimidan foydalanish miyaning qarorlar qabul qilish, murakaab fikrlash va ko‘rish uchun javobgar qismlarini faollashtiradi. Tajribaning qidiruv tizimidan ko‘proq foydalangan ishtirokchilari internetga kam kirganlarga nisbatan ikki karra yuqori miya faolligini namoyish qilgan.
Yyel universiteti tomonidan o‘tkazilgan boshqa tadqiqot Google'dan tez-tez foydalanish odamlarning aslidan-da aqlli tasavvur uyg‘otishini isbotladi. Kolumbiya universiteti olimlari esa, biz Google'dan o‘z xotiramiz "autsoringi" uchun tobora ko‘proq foydalanayotganimizni ko‘rsatdi, ya'ni agar internetdan osonlikcha topish mumkin bo‘lgan narsa bo‘lsa, miyamiz uni yodda saqlab qolmaslikni ma'qul ko‘rar ekan. Ehtimol, shuning uchun ham ko‘pchilik hayotini Google'siz tasavvur qila olmas.