Google Android O dasturidagi yangiliklar nimalardan iborat?

Fan-texnika 12:50 / 18.05.2017 6747

Amerikaning dunyoga mashhur Google kompaniyasi 2017 yil 17 may kuni tashkil etilgan an'anaviy Google I/O konferensiyasida o‘zining yangi mahsulotlarini namoyish etgani haqida avval xabar berilgan edi. Google kompaniyasining Android dasturiy ta'minotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha vitse-prezidenti Deyv Byorke anjumanda Android O — mobil amaliy tizimining yangi avlodini taqdim etdi. 

Android O ikkinchi namunasining ishlab chiqaruvchilar uchun yangiliklaridan biri — Vitals xizmati bo‘ldi. U smartfon batareyasining ishlash muddatini uzaytirish uchun qurilmaning «o‘ta muhim ko‘rsatkichlari»ni nazorat qiladi. U, shuningdek, smartfon ishi uchun juda xatarli bo‘lgan ilovalarni ham to‘xtatadi.

Foto:  Google Images

Google Play Protect funksiyasi esa smartfonga g‘arazli ilovalar o‘rnatilgani yoki yo‘qligini aniqlaydi. Shunday ilovalar topilgan taqdirda bloklanadi va smartfondan o‘chiriladi. Bu kabi tahdidlarni mustaqil o‘rganuvchi algoritm aniqlaydi. 

Shu bilan birga, Google Play Protect yordamida yo‘qolgan smartfonni topish mumkin bo‘ladi. U iOS dasturidagi Find My iPhone funksiyasini yodga soladi. Endilikda, Android foydalanuvchilari buning uchun boshqa ilovalarga murojaat qilishlari talab etilmaydi. Protect Google Play qurilmalarining barchasiga o‘rnatilgan bo‘ladi.

Ilovalardagi yangi xabarlarni ayni ilovani ishga tushirmasdan ko‘rish imkoniyati ham taqdim etilgan. Notifications Dots deb nomlanuvchi funksiyada ilova yorlig‘i uzoq vaqt mobaynida bosib turish bilan xabarni ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Nusxa ko‘chirish va joylash funksiyasi sun'iy aql bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Algoritm matnda kompaniyalar va idoralarning nomlari, manzili va telefon raqamlarini ko‘rsatadi. Ikki marta yoki uzoq bosilsa ular to‘lig‘icha ajratiladi. 

Foto:  Google Images

Byorkening izoh berishicha, bu funksiyaning kiritilishiga sabab shuki, Android foydalanuvchilari, asosan, telefon raqamlari va nomlardan ko‘proq nusxa ko‘chirishadi. Bundan tashqari, idora manzilini ko‘chirish bilan birga, uni bir harakat vositasida xarita yoki Gmail ilovasida ochish mumkin bo‘ladi.

Boshqa ishlab chiqaruvchilarning ilovalarida login va parollarni avtomatik kiritish mumkin bo‘ladi. Buning uchun ma'lumotlarni dastlab Chrome brauzerida saqlash talab etiladi. Yana YouTube saytidagi videolarni kichikroq ekranda - picture-in-picture tartibida ochish mumkin. Shu bilan video ko‘rish barobarida boshqa ilovalardan foydalansa bo‘ladi.

Foto:  Google Images

Qayd etish joizki, namoyish etilgan imkoniyatlar Android O Developer Preview 2 namunasida mavjud bo‘lib, uni 17 maydan Nexus 5X va 6P, Nexus Player va Pixel smartfonlarida sinovdan o‘tkazish mumkin. Google kompaniyasi bu yangilanishning bosqichma-bosqich amalga oshirilishini aytmoqda. 

Android O dasturiy ta'minoti 2017 yil yozida rasman ishga tushiriladi. Biroq, hozircha, uning rasmiy nomi va muddati ma'lum emas. Google I/O anjumanida bu haqda e'lon qilinmadi. Yangilanishlar chiqishi jadvaliga ko‘ra, u iyul-avgust oylarida ro‘y beradi. Uning birinchi beta-namunasi mart oyidayoq ishlab chiqaruvchilarga havola qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: