Apple Watch “aqlli” soatlari nerv tarmoqlarining qobiliyati yordamida yurak-qon tomiri tizimi kasalliklarining alomatlarini 97 foizgacha aniqlay oladi. Bu haqida San-Frantsiskodagi Kaliforniya universiteti kardiologlari ma'lum qilishdi.
Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, Apple gadjyetiga o‘rnatilgan pulsometr tufayli yurak mushaklarining normal faoliyatini buzilish holatini to‘laqonli aniqlay olish mumkin. Yurak mushaklarining ishdan chiqishi – qon aylanishini og‘irlashtiradi, insult xuruji va qon quyulishini keltirib chiqaradi.
Kasallikni sog‘lom yurak urishidan farqlash uchun chuqur neyrotarmoq yordam beradi. U 139 milliondan ortiq yurak tezligi o‘lchovi va 6338 mobil EKG bilan “qoplangan”. Mazkur keng qamrovli ma'lumotlar majmuini Apple Watch’ning Cardiogram dasturidan foydalangan 6000 ko‘ngilli taqdim etdi.
Tadqiqotda yurak fibrillyatsiyasi tashxisi qo‘yilgan 200ta odam ishtirok etdi. Olimlar 51 bemorning Apple Watch’da ko‘rsatilgan test natijalarini EKG datchiklari ma'lumoti bilan solishtirganida, qurilma kasallikni 97 foizli holatda aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.
Tadqiqot mualliflaridan biri Gregori Markusa fikricha, bu kabi “aqlli” soatlar yoki trekerlarning taqilishi tibbiy ma'lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishga yordam beradi.