AQShda eng xavfsiz muqobil avtomobil ma'lum qilindi

Fan-texnika 15:29 / 10.05.2017 6934

AQShning Kaliforniya shtati avtotransport departamenti 2016 yilda muqobil avtomobillar ishtirokida sodir bo‘lgan turli hodisalarga doir hisobotni e'lon qildi. 

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yil 1 yanvar holatiga binoan, 21ta kompaniya Kaliforniyaning umumiy foydalanishdagi yo‘llarida o‘zlarining muqobil (haydovchisiz) avtomobillarini sinovdan o‘tkazgan. Ularning har biri sinovlar chog‘ida kutilmagan vaziyatlar soni borasida to‘liq ma'lumot berishlari shart. 

Kompaniyalar tomonidan to‘planadigan ma'lumotlarda muqobil boshqaruv tizimidagi xatolar singari, mashinalar ichidagi muhandislar boshqaruvni o‘z zimmalariga olishga asos bo‘lgan turli xil kutilmagan holatlarni ham ko‘rish mumkin. 

Bu kabi holatlar bo‘yicha rekordchi esa, Bosch kompaniyasi avtomobillari bo‘lgan. Garchi, uning muqobil avtomobillari soni atigi 3 dona bo‘lsa-da, 2016 yili ularning ishtirokida 1442ta hodisa qayd etilgan. Germaniya kompaniyasining muqobil transport vositasi Kaliforniya ko‘chalarida 983 mil* (1573 km) masofa yurgani e'tiborga olinsa, 1 ming mil masofaga to‘g‘ri keladigan hodisalar soni 1466,9tani tashkil etgan. 

Ikkinchi o‘rinda, Germaniyaning yana bir ishlab chiqaruvchisi — Mercedes-Benz joylashdi. Kompaniyaning bittagina muqobil avtomobili sinovlari chog‘ida 336ta turli xil kutilmagan holatga duch kelingan. 2016 yilda 673 mil masofa ortda qoldirilgan bo‘lib, 1 ming mil masofaga 499,3ta kutilmagan holat to‘g‘ri keladi. 

O‘ziga xos aksilreytingning uchinchi o‘rniga Tesla joylashtirilgan. Kompaniyaning 4 dona muqobil avtomashinasi 2016 yilda 550 mil masofa yurgan, bunda 180ta holat qayd etilgan. Shunday qilib, 1 ming mil masofaga 327,3ta hodisa to‘g‘ri kelishi hisoblab chiqilgan.

Biroq, barcha muqobil boshqaruv tizimlari ishlab chiqaruvchilarining ishi bu qadar salbiy deb o‘ylash noto‘g‘ri bo‘lar edi. Masalan, Google kompaniyasining sho‘'ba korxonasi — Waymo 2016 yilda o‘z mashinalari 124ta kutilmagan holatga duch kelganini qayd etgan. Texnologik gigant kompaniya muhandislari yo‘llarga 60ta muqobil mashinalarni chiqargani, ular umumiy hisobda 636 ming mil yurgani aytilsa, 1000 milga to‘g‘ri keluvchi hodisalar soni 0,2tani tashkil etishi ma'lum bo‘ladi. 

Germaniyaning BMW kompaniyasi ham shunga o‘xshash natijasi bilan faxrlansa arziydi. Ularning yagona muqobil mashinasi o‘tgan yili 638 mil masofa yurgan bo‘lsa, atigi bitta holat qayd etilgan. 

*mil – AQShda masofa o‘lchov birligi, 1,609 kmga teng.

Ko‘proq yangiliklar: