Bu avtomobillar qimmatligidan aql shoshadi

Fan-texnika 13:09 / 08.05.2017 25984

Balki, siz Bugatti Chiron eng qimmat mashina deb o‘ylarsiz? Agar shunday fikrda bo‘lsangiz, yanglishasiz. Quyidagi avtomobillar shinasining puliga hatto bir nechta avtomobil xarid qilish mumkin! Demak, tanishing, tarixdagi eng qimmat avtomobillar ro‘yxati.

Ferrari 250 LM

Foto: Motor.ru

Ushbu model Le-Mandagi poyga, aniqrog‘i, g‘alaba uchun ishlab chiqilgan. U ilk o‘rta motorli Ferrari avtomobillaridan biri hisoblanadi. 250 LM 1965 yilgi 24 soatlik poygada 1- va 2-o‘rinlarni egallagan. U o‘shanda prototiplar yo‘nalishi bo‘yicha qatnashgan, chunki GT tasnifiga kirish uchun 100 dona shunday mashina ishlab chiqarish zarur bo‘lgan. Ferrari bu avtomobildan atigi 32ta ishlab chiqargan. Suratdagi nusxasi 2015 yili 17 million 600 ming dollarga sotilgan.

Ferrari 250 GT LWB California Spider Competizione

Foto: Motor.ru

Spider Competizione –Ferrari firmasi ishlab chiqqan noyob va chiroyli rodsterlaridan biridir. Undan atigi 9 dona ishlab chiqilgan. Ularning har biri poygalarda ajoyib natijalarni ko‘rsatgani e'tiborga olinsa, qiymat ko‘tarila boshlaydi. Suratdagi mashinaning yurgan masofasi deyarli poygalarga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, turli ko‘rgazmalarning mukofotlariga ega. Narxi ham shunga yarasha – 18 million 150 ming dollar. 

Ferrari 375-Plus Spider Competizione

Foto: Motor.ru

Eng qimmat mashinalardan biri bo‘lgan Ferrari 375-Plus Spider Competizione Mille Miglia poygasida ishtirok etishi uchun maxsus ishlab chiqilgan. Biroq 1954 yilgi musobaqada ikkinchi o‘rinni olgan. Shunga qaramay, ushbu mashinaning yangi egasi uning uchun 18,4 million dollarning bahridan voz kechgan.

Ferrari 250 GT SWB California Spider

Foto: Motor.ru

Qisqa asosli 250 GT SWB California Spider shundoq ham noyob avtomobillar sirasiga kiradi. Ushbu qizil rodsterni bemalol o‘ziga xos deyish mumkin, chunki u Fransiyada deyarli yurmagan holda topildi. Uning egasi Robert Beyllon ajoyib avtomobilni shaxsiy muzeyida namoyish etgan. Uning vafotidan so‘ng, muzey qisqartirilgan, mashinalarning sezilarli qismi kimoshdi savdosiga qo‘yilgan edi. California 2015 yilda 18,5 mln dollar evaziga yangi egasining mulkiga aylandi. 

Alfa Romeo 8C 2900B Lungo Spider

Foto: Motor.ru

Ha, noyob sport mashinalari orasida faqatgina Ferrari qimmat turmaydi. Alfa Romeo 8C 2900B Lungo Spider mashinasidan atigi 12 dona ishlab chiqarilgan bo‘lib, bugungi kungacha bir necha donasi yetib kelgan. Lungo Spider uchun 8S modeli asos bo‘lgan. U bir qatorli 8 silindrli, 2,9 l hajmli dvigatel bilan jihozlangan. Kuzovini Touring atelesi ustalari ishlab chiqishgan. Uning xarid qilishga urinib ko‘rish uchun sizda kamida 19 million 800 ming dollar bo‘lishi kerak. 

Jaguar D-Type

Foto: Motor.ru

D-Type 1955 va 1957 yillarda Le-Manda o‘tkazilgan bir kunlik poygalar g‘olibi bo‘lgan edi. Suratdagi model 1956 yili Shotlandiya poygasida Ecurie Ecosse jamoasida ishtirok etib g‘alaba qozongan. Keyinchalik, uni avtomobil kolleksioneri xarid qilgan. Endilikda uning narxi 21 million 780 ming dollarga teng ekani aytilmoqda. 

Ferrari 275 GTB/C Speciale

Foto: Motor.ru

Ferrari’ning avtosportga muhabbatini tasdiqlovchi yana bir namuna. Biroq u musobaqalarda biror marta ham ishtirok etmagan. Shu sababli, ekspertlar uning bu qadar qimmat turishini izohlay olishmayapti. Balki, ajoyib alyuminiy kuzovi, 3 litrli V12 motori va kam yurgani e'tiborga olingandir. 275 GTB/C Speciale kimoshdi savdosida 26 million 400 ming dollarga sotildi. 

Ferrari 275 GTB/4 S NART Spider

Foto: Motor.ru

O‘tgan asrning 50-60-yillarida AQShda bo‘lib o‘tgan musobaqalarda hamda oddiy yo‘llarda harakatlanish uchun North American Racing Team (NART) jamoasi Ferrari firmasiga bir nechta poyga va oddiy mashinalarga buyurtma berdi. Qizil 275 GTB/4 S aynan oddiy yo‘llar uchun mo‘ljallab ishlab chiqarilgan. Keyinchalik, rodsterni Stiv MakKuin xarid qilib, «Tomas Kraun firibi» filmida o‘z mashinasini boshqarib, suratga tushgan. Endilikda, ushbu tarix vakili 27 500 000 dollar turadi. 

Ferrari 290 MM

Foto: Motor.ru

1956 yilgi Mille Miglia poygasida g‘alaba qozongan bu qizil mashinada o‘z davrining iqtidorli piloti Xuan Manuel Fanxio ishtirok etgan. Shunga ko‘ra, bunday mashina arzon turmasligi aniq. Dunyoda bu mashinadan atigi 4 dona bo‘lib, eng qimmati suratdagi avtomobildir. Uning bugungi kundagi eng past qiymati 28 million 50 ming dollar turadi.
Mercedes W196

Foto: Motor.ru

Eng qimmat bolidlar uchligini 1954 yilda Germaniya va Shveytsariya Grin-prilarini qo‘lga kiritgan Xuan Manuel Fanxio mashinasi boshlab beradi. «Kumush o‘q» 2013 yilda 29 mln 600 ming dollar evaziga o‘zining yangi egasi mulkiga aylangan edi. Bu pul evaziga ulkan Wider yaxtasini xarid qilish, qaytimiga yana Mercedes-AMG GT R mashinasidan 6 donaga yaqin xarid qilish mumkin.

Ferrari 335 Sport Scaglietti

Foto: Motor.ru

2016 yila qizil Ferrari 355 Sport Scaglietti tarixdagi eng qimmat ikkinchi avtomobil bo‘lgani bilan soha ixlosmandlarining e'tiborini tortdi. Mashina so‘nggi 40 yil mobaynida bir kishiga qaragan, avvalroq, Piter Kollins va Moris Trentinyanlar poygalarda ayni mashinani boshqarishgan. U Mille Miglia poygasida qatnashganida Volfgang fon Trips boshqaruvida bo‘lgan. Shunday boy tarixga ega avtomobil 35 million 700 ming dollarga baholangan. 

Ferrari 250 GTO

Foto: Motor.ru

Ha, dunyoda Ferrari 250 GTO modelidan boshqa eng ko‘p qidirilgan va noyob avtomobil yo‘q. U o‘zi ishtirok etgan deyarli barcha poygalarda yetakchi bo‘la olgan. 250 GTO mashinasidan atigi 39 dona ishlab chiqarilgan. Ularning bugungi kungacha yetib kelganlari bir necha million turadi. Kimoshdi savdosida sotilgan mashinalar orasida eng qimmati sifatida esa Jo Shlesser, Paolo Kolombo va Anri Oreyyelar boshqargan avtomobil bo‘lib turibdi. Uning narxi oz emas, ko‘p emas, naqd 38 million 115 ming dollar turadi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: