SpaceX kompaniyasi 4425 ta sun'iy yo‘ldoshdan iborat guruh yordamida butun dunyo bo‘ylab internet ulashadigan dasturning boshlanishi muddatini ma'lum qildi. Yer orbitasida sun'iy yo‘ldoshlardan iborat tarmoqning qurilishi 2019 yilda boshlanadi, deb yozmoqda kompaniyaning vitse-prezidenti Patritsiya Kuperga iqtibos keltirgan holda The Verge nashri.
2017 yilda SpaceX orbitaga sun'iy yo‘ldoshning prototiplaridan birini, 2018 yilda esa ikkinchisini uchirmoqchi. Ilk sun'iy yo‘ldoshlar texnologiyani sinovdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan, agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, to‘laqonli tarmoqning birinchi segmentlari 2019 yilda paydo bo‘ladi.
Tarmoq to‘la quvvat bilan ishlashiga 2024 yilda erishilmoqchi. Tarmoq yerdagi boshqaruv markazlari va boshqa inshootlar yordamida qo‘llab-quvvatlanadi. Bu inshootlar ham kompaniya tomonidan quriladi. Kompaniya sun'iy yo‘ldoshlarni orbitaga faqatgina o‘zining Falcon 9 raketalarida yetkazmoqchi, bu xarajatlarni qisqartirishi va boshqa kompaniyalardan tobelikni kamaytirishi kerak.
Kuperning aytishicha, bu tarmoq kompaniyalarni butun dunyo bo‘ylab internetga ulanish uchun infratuzilmani yaratishdan xalos etadi. Ars Technica nashrining ma'lum qilishicha, bunday tarmoq foydalanuvchilari uchun terminallar noutbuk o‘lchamidek bo‘ladi, ulanish tezligi kabel orqali ulanish darajasida bo‘ladi.
Kompaniya sun'iy yo‘ldoshlarning dasturiy ta'minotini muntazam yangilab bormoqchi va tarmoqni turli o‘zgarishlarga, misol uchun juda yuklangan hududlarda sun'iy yo‘ldoshlarni guruhlashga moslashtirmoqchi. WSJ ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniya loyihaning tijoriy muvaffaqiyatiga katta umid bog‘lamoqda va undan yiliga 30 mlrd dollardan ko‘proq tushum va 15-20 mlrd dollar operatsion daromad olmoqchi.
The Verge’ning ta'kidlashicha, bu loyiha Yer orbitasida sun'iy yo‘ldoshlar umumiy sonining keskin, ya'ni deyarli 4 martaga oshishiga olib keladi. Hozirda koinotda 1,5 mingtaga yaqin sun'iy yo‘ldosh bor. Nashr bu g‘oya kelajakda raketalarni koinotga uchirishni murakkabroq va xavfliroq ko‘rinishga olib kelishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.