Haydovchisiz avtomobillar ishlab chiqarish poygasida yangi o‘yinchi paydo bo‘ldi — Samsung.
Korporatsiya yaqindagina avtopilot funksiyali avtomobilni Janubiy Koreya yo‘llarida sinovdan o‘tkazish uchun ruxsatnoma oldi. Sinovlarning o‘tkazilishi o‘zi boshqariladigan avtomobillarning turli to‘siqlar va ob-havo injiqliklariga qanday bardosh berishini ko‘rsatib beradi.
Samsung — avtomatik boshqaruv tizimiga ega avtomobillarni sinash uchun ruxsatnoma olgan ilk elektronika ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. Ilgari Janubiy Koreya yer, infratuzilma va transport vazirligi bunday sinovlarga faqat Hyundai va Kia kompaniyalariga, shuningdek, akademik va tadqiqot idoralariga ruxsat bergan.
Samsung hech qachon avtomatik boshqariladigan avtomobil sanoatiga o‘zining qiziqishini sir tutmagan. 2015 yil oxirlarida korporatsiya doirasida avtomobilni muxtor boshqarish texnologiyalariga asoslangan maxsus bo‘linma tuzilgan edi. 2016 yilning noyabrida kompaniya aqlli avtomobillar uchun tarkibiy qismlar va dastur ta'minoti ishlab chiqaruvchi Amerikaning Harman firmasini qabul qilishga 8 milliard dollar sarflagan. Nihoyat, fevral oyida Samsung TetraVue kompaniyasiga investitsiya kiritgan: u muxtor boshqariluvchi avtomobillar oldidagi xavfli to‘siqlarni aniqlab beruvchi 3D-texnologiyani ishlab chiqaradi.
Biroq Samsung o‘zining avtomobillarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmaydi: kompaniya faqat muxtor boshqaruv texnologiyasiga diqqat qaratadi. Kutilishicha, dastlabki sinovlar uchun Janubiy Koreyaning Hyundai konserni avtomobillaridan foydalaniladi.
Samsung’dan tashqari haydovchisiz boshqarish texnologiyalar bilan Google, Apple va Baidu kabi gigantlar, hamda an'anaviy avtoishlab chiqaruvchilar GM va Ford, shuningdek, Uber va Didi startaplari shug‘ullanishmoqda.