Apple iPhone sotuvlari hajmi tushgani haqida xabar berdi. Biroq kompaniyaning umumiy daromadi oshib bormoqda. Bu haqda 2017 moliyaviy yilining ikkinchi choragi uchun taqdim etilgan hisobotda aytiladi.
2017 yilning ilk uch oyi davomida taxminan 50,8 millionta smartfon sotildi, umumiy daromad 52,9 mlrd. dollarni, sof foyda esa – 11 milliardni tashkil qildi. 2016 yilning ikkinchi choragi bilan taqqoslaganda smartfonlar savdosi tushib ketgan.
Xabar qilinishicha, tahlilchilar kompaniyaga ancha ijobiy natijalarni bashorat qilishgandi, masalan, ikkinchi chorakda kamida 52 millionta iPhone sotilishi taxmin qilingan.
iPhone savdolari hajmi 1 foizga tushib ketganiga qaramay, kompaniyaning umumiy daromadi boshqa mahsulotlar hisobiga ortgan. Masalan, Apple TV, Apple Watch va Beats’dan umumiy daromad 31 foizga o‘sdi hamda 2,8 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, kompaniya servislaridan daromad 18 foizga ortib, 7 milliardni teng bo‘ldi.
Apple rahbari Tim Kuk iPhone savdolari tushib ketganini yangi telefonlar haqida ko‘plab mish-mishlar paydo bo‘lgani bilan bog‘ladi. Uning fikricha, yangi smartfonlar haqidagi ma'lumot hozirgi modellarga qiziqishni pasaytirmoqda.